MEHR-EʼTIBORDAN YuKSALDI DILLAR...
Navroʻz! Koʻhna va hamisha navqiron bu bayram oʻzining mazmun-mohiyati, azaliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizni mujassam etgani bilan aziz va moʻʼtabardir. Shu boisdan-da, yurtimizning har bir goʻshasida bu bayramni nishonlashga oʻzgacha tadorik koʻrilmoqda.
Tuman Madaniyat boʻlimining “Qilichboy” madaniyat va aholi dam olish markazi mehnat jamoasi ovul aholisiga xush kayfiyat ulashish maqsadida maxsus musiqali bayram dasturini tayyorlash bilan birga yana bir savobli ishga qoʻl urdilar: sohada uzoq yillar samarali mehnat qilib, ayni kunda keksalik nafaqasiga chiqqan Odina Yusupova, Halima opa, Bektursun Xolmurodov, Sayyora Abdurahmonovalarning xonadonlariga borib, hol-ahvol soʻrashib, samimiy suhbatlashdilar, oʻzlarining repertuaridagi yangi qoʻshiqlaridan aytib, sovgʻalar ulashishdi.
Bir koʻngil – ming Kaʼba, deydi xalqimiz. Markaz rahbari Ikromjon Siytimov, xodimi Mohira Nurullayeva, markazda faoliyat yuritayotgan drama toʻgaragi rahbari Mirsaid Qodirov, ovoz rejissyori Doniyor Bobojonovlar “Qilichboy” ovulida istiqomat qiluvchi Farhod Shomurodov, 80 yoshli nuroniy onaxon Oʻgʻiljon Hayitboyeva, shuningdek, Gulshod Eshchonova, Norimbat Oʻrozimbetovlar xonadonlarida boʻlib, inson zoti doimo mehrga, eʼtiborga tashna boʻlishini, bir ogʻiz iliq soʻz ham koʻngillarni koʻtargulik qudratga ega ekanligini dildan his qildilar.
– Biz kirgan xonadon aʼzolari sovgʻa-salomimizdan ham koʻra koʻproq musiqiy tabrigimizdan xursand boʻlishdi.
Uzoq yillar 15-sonli maktabga rahbarlik qilish bilan birga sanʼat oshuftasi, tumanimizda madaniy-ommaviy tadbirlarning yaxshi oʻtishiga ulkan hissa qoʻshib kelgan, taʼlim faxriysi, ayni kunda keksalik nafaqasidagi Hamroxon opa Qosimova bizning tashrifimizdan koʻngli togʻday yuksaldi, hatto bemorlik holatida ham qoʻshiqlarimizga raqsga tushgisi keldi, – deydi Ikromjon Siytimov.
Ha, Navroʻzi olamning qudrati ham, hayotbaxshligi ham bayram bahona kishilarni chin insoniy tuygʻularga oshno qilishida, atrofimizdagi odamlarga mehr-eʼtiborli boʻlishga undashida. Bu amallarni ado etish kishining oʻziga ham quvonch bagʻishlaydi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶