JINOYaTChI MAHALLA KAFILLIGI BILAN JAZODAN OZOD ETILDI
Onang – mahalla, otang – mahalla! Shu iborani hayotda koʻp uchratsak ham uning mazmun-mohiyatini koʻpam oʻylab oʻtirmaymiz. Aslida har birimizning hayotda oʻz oʻrnimizni topishimizda oʻzimiz yashaydigan mahallamizning, mahalladoshlarimizning oʻrni beqiyos. Mahalla tarbiyachi, zarur hollarda moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlovchi.
Bugun Mangʻit shahrining Beruniy mahallasi Hunarmandlar koʻchasida istiqomat qiluvchi B.K. oʻz hayotida yaqqol his qildi.
Uning mahallasida obroʻ-eʼtibori joyida edi, toʻy-marakalarda birinchilardan boʻlib xizmatga chiqar, umumiy ishlardan boʻyin tovlamas, qoʻni-qoʻshnilari bilan ahil edi. Kattalarga oʻgʻil, kichiklarga ogʻa edi.
Baʼzan oʻylamay bosilgan birgina qadam odamni boshi berk koʻchaga olib kirib qoʻyadi. B.Kni ham bir qaltis qadami Oʻzbekiston Pespublikasi Jinoyat Kodeksining 168 moddasi 3 qismi B bandida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etishiga sababchi boʻldi.
Oʻz qilmishi oqibatini esa oʻziga qarshi jinoyat ishi ochilib, tergov-surishtiruv ishlari boshlanganida angladi, qonun ustuvor mamlakatimizda hech bir jinoyat jazosiz qolmasligini tushundi.
Ammo endi ... kech edi deyishga shoshilmaymiz. Chunki shu yilning 21-iyulida Beruniy nomli mahalla fuqarolar yigʻini binosida boʻlib oʻtgan mahalla faollari yigʻilishida B.Kga oid jinoyat ishi boʻyicha mazkur fuqarolar yigʻinidan Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman Kengashiga B.Kni oʻz kafilligiga olish yuzasidan kiritgan taklifi muhokama qilindi.
Yigʻilishda mahalladoshlar B.K. va uning oilasi haqida ijobiy fikrlar bildirib, mahalla uni kafillikka olib, qayta tarbiyalashga shay ekanligini bildirib, jinoiy jazodan ozod qilinishini soʻradilar.
Uning qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligini, yetkazilgan zararni toʻliq qoplaganligini, oilasida qaramogʻida voyaga yetmagan farzandlari, keksa onasi borligini, muqaddam sudlanmaganligini inobatga olishni soʻradilar.
Yigʻilish qaroridagi bu fikr-mulohazalar inobatga olinib, Oʻzbekiston Pespublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3 qismi b bandida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan B.Kni mahalla kafillikka olib, jinoiy jazodan ozod qilishi soʻralgan Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman Kengashiga kiritilgan taklifi maʼqullandi va unga belgilangan jazodan ozod qilinishi koʻrsatilgan kafolat xati berildi.
Bu mahallaning ota-ona kabi kechirimli, bagʻrikengligi emasmi? Farzandining kelajagi haqida qaygʻurib, toʻgʻri yoʻlga boshlashi emasmi?
Oygul PAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶