Jayxun ilhomlari
Vatan
Bilaman,
jonimni soʻramaysan.
Quvonasan yashasam toʻgʻri.
Bor mehrimni koʻrsam baham,
boʻlmasam bas xoin yo oʻgʻri.
Kamolim tilaysan har vaqt
shundanmi, yorugʻ yoʻlim.
Vaqtning millaridek
bilmaysan tinim.
Arigʻimga ekdim nihollar
koʻrgan koʻzlar quvnasin.
Tilaysan bolalaring
ortidan baxt quvlasin.
Yashayapman oʻzimga sodiq
dil yozaman, oʻqiyman kitob.
Noning, tuzing oqlamoq uchun
yuragimda iztirob.
To soʻnggi lahza qadar
talpinaman sen tomon.
Quyoshing kulsin,
yigʻlamasin osmon!
Shahzod Anvar.
Ehtirom
Buyuk Istiqlol yoʻli –
Undan oʻtadi karvon.
Eng ulugʻ karvon asli
Jonajon Oʻzbekiston!
Toʻxtamay, ortga qaytmay,
Maqsad sari intilar.
Oʻzga millat farzandin
Oʻzinikidek bilar.
Yurt oldida burchini,
Aʼlo etib oqlagan.
Xalqiga muhabbatni
Qalb toʻrida saqlagan.
Istiqlol karvoniga
U boʻldi tolmas sarbon,
Kelajak devonida
Manzilin quchdi karvon.
Karvon bilan umrini,
Bogʻlagandir bu inson
Umri uzun boʻlsin va
Doimo boʻlsin omon!
Mehribon ShOMURODOVA, 1-sonli maktab oʻquvchisi.
Oʻzbekiston
Oʻzbekiston, nurga toʻla bogʻlar yurtisan,
Samoga boʻy choʻzgan togʻlar yurtisan.
Olim-u shoirlar kamolga yetgan,
Ajdodlardan meros, durlar yurtisan.
Bagʻringda ulgʻaytding buyuk oʻgʻlonlar,
Ular bunyod etdi metin qoʻrgʻonlar.
Jaloliddin hamda yengilmas Temur
Qalbida Vatan deb yongan tuygʻular.
Tinch oʻlkam, tinchliging - bebaho baxtim,
Istiqlol nuri-la charogʻon taxtim.
Vatan, qarogʻimda asrab oʻtaman,
Senga xizmat qilmoq eng ulugʻ ahdim!
Sveta XUDOYoROVA,
67-sonli maktab oʻquvchisi
YuRTBOShIMGA
Sizni sevar bugun siz sevgan Vatan
Har nafasda bordir aziz nomingiz.
Millatlar yashaydi bir tan-u bir jon
Xalq yakdil, butundir rizq-u nonimiz.
Sir toʻla nechalab qulfni ochdingiz,
Xalqim, deb el aro mehr sochdingiz.
Mustaqillik uchun, ozodlik uchun,
Dunyoga dengizday toʻlib toshdingiz.
Vatanni yoritgan porloq Quyoshim –
Xalq dilida mangu qolgan Yurtboshim!
Latofat OʻROZALIYeVA, Mangʻit qishloq xoʻjalik kasb-hunar kolleji oʻquvchisi.
Yurtim
Yurtimning beqiyos bogʻ-u rogʻlari,
Purviqor togʻlari, chamanzorlari,
Insonlarning goʻzal fazilatlari,
Tugʻilgan makonim – Oʻzbekistonim!
Farzandingman seni jondan sevuvchi,
Sen uchun hattoki jondan kechguvchi.
Onamga qiyossan, ey mehribonim,
Tugʻilgan makonim – Oʻzbekistonim!
Shahlo QUROLOVA, 62-sonli
maktab oʻquvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶