OILADAGI NIZOLAR: ULARNI BARTARAF QILISh MUMKINMI?
Nizo soʻzi koʻpchilikda ochiqdan-ochiq salbiy tasavvurlarni uygʻotadi. Aslida nizo hayot meʼyorlari tarkibiga kiradi. Inson tirik ekan u nizoli vaziyatlarni boshidan kechirib yashaydi. Nizoni bartaraf qilish – insoniy muammolarni hal etish demakdir.
Oilaviy nizo – er-xotin, ota-onalar va bolalar, er-xotin va ularning ota-onalari oʻrtasida va qarindoshlar oʻrtasida yuzaga keladigan psixologik va ijtimoiy keskinlashgan vaziyat.
Oila tuzilmasining oʻzi turli yoshdagi va jinsdagi kishilarni birlashtiradi va nizo chiqishi ehtimoli mavjud boʻladi. Keskinlashayotgan ziddiyatga (er-xotin oʻrtasidagi munosabatlar) bir-birini tushunmaslik yoki tushunishga harakat qilmaslik sabab boʻlishi mumkin. Boshqacha aytganda, umr yoʻldoshlaridan har biri qanday oʻrinda boʻlishi va bunga ruhan tayyorligi qandayligini tushunmaslik sabab boʻladi.
Bolalar va ota-onalar oʻrtasidagi nizo bolalarning kattalar taʼsiridan qutulishga intilishi yoki oʻzini yolgʻiz his etish, oilada ortiqchaligini tushunib yetish bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin. Oilaviy nizoni yechish alohida eʼtibor talab qiladigan masaladir.
Nizoni bartaraf etish – oʻzaro munosabatlarni saqlab qolish degan maʼnoni anglatadi. Har qanday janjal va kelishmovchiliklar tufayli oila va undagi oʻzaro munosabatlar saqlanib qolishi, yoki darz ketishi va hattoki barbod boʻlishi ham ehtimoldan xoli emas.
Nima uchun oila muammolari shunchalik murakkab va keskin? Chunki bu borada qilingan har qanday ish yoki aytilgan soʻz oʻzaro munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etadi. Bevaqt qilingan bir nojoʻya qarash yoki bosh bilan qilingan bir imo, goʻyo peshonasiga toʻqmoq bilan urgandek, xafagarchilik, koʻngil qolishiga olib kelishi mumkin.
Oilaviy nizolarning yuzaga kelishi koʻpincha oʻzganing “men”ini ulugʻlamaslik, hislariga hurmatsizlik, shaʼniga tegish, er yoki xotinning alkogol, giyohvand moddalar qabul qilishi, uy-xoʻjalik ishlari, bola tarbiyasi, ota-onaga munosabat yuzasidan oʻzaro yordam va oʻzaro tushunishning yoʻqligidan yuzaga keladi. Bunday nizoli holatlarning oldini olish har bir insonning oʻz qoʻlida.
G.YuSUPOVA, “Oila” markazi tuman boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶