ERTANGI KUNIMIZGA IShONChIMIZ MUSTAHKAM
Mamlakatimiz tamaddunida buyuk va taniqli insonlar juda koʻp boʻlgan. Lekin, ular orasida butun umrini oʻz xalqining kelajagi, farovon turmushi va tinch - osoyishta yashashi uchun bagʻishlagan bir inson borki, bugun Oʻzbekistonda yashovchi har bir fuqaro uning nomini hurmat va ehtirom bilan tilga oladi.
Birinchi Prezidentimiz I.Karimov rahbarligida davlatimiz tinchlik va farovonlik, dunyoda hech kimdan kam boʻlmaslik yoʻlini tanladi.
Ha, istiqlol sharofati bilan amalga oshirilgan ulkan islohotlar muvaqqat obroʻ uchun emas, balki asrlar mobaynida ezilgan oʻzbek millatini hech kimga qaram boʻlmaydigan, doimo qaddini baland koʻtarib yashaydigan, vujudi va iymon-eʼtiqodi sogʻlom, maʼnaviyati yuksak, turmushi farovon va kelajagi buyuk xalq sifatida shakllantirdi.
Birinchi Prezidentimiz ertadan kechgacha paxta dalalarida bola-chaqa va roʻzgʻor tashvishidan boshqasini oʻylamaydigan, sodda, umidsiz, qashshoq holatda qolgan, boshi kulfatdan chiqmagan xalqni «Biz hech kimdan kam emasmiz va hech qachon kam boʻlmaymiz!» deb ishontira bildilar.
Xalqimiz ularga ishondi va oʻz rahbariga ergashdi, har bir sohada uzoqni koʻzlab ishlangan islohotlar boshlandi. Oʻzbekiston qoloq, iqtisodiyoti bir yoqlama rivojlangan, paxta yakka hokimligi hukm surgan oʻlkadan sanoati jadal taraqqiy etayotgan zamonaviy qudratli davlatga aylandi.
Yurtimiz, shahar va qishloqlarimiz tobora goʻzal va obod boʻlib, yangi qiyofa kasb etdi. Aholining turmush farovonligi oshdi, xalqaro doiralarda Oʻzbekistonning nufuzi baland boʻldi. Taʼlim-tarbiya, ilm-fan, sogʻlikni saqlash, madaniyat va sanʼat, sport turlarini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar oʻtkazildi.
Jamiyatimizda ayollar, keksalar va yoshlarning qadri yuksalib, ularga yanada qulay sharoit va imkoniyatlar yaratildi, milliy qadriyatlarimiz qayta tiklandi.
Butun umri davomida muallimlik qilib, endilikda nafaqa gashtini surayotgan faxriy ustozlarimiz bilan uchrashib qoldim. Ulardan biri qoʻllarini ochib duo qildilar: «Ollohim, bizga oldin ham, hozir ham xalqparvar va jasur Yurtboshi berganingga shukurlar boʻlsin!»
Oldiniga men bu duoning mohiyatini darrov anglamadim, lekin ikkinchisining gaplaridan sergak tortdim:
- Toʻgʻri aytasiz, bugun odamlar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov boshlab bergan bunyodkorlik, elning tinchligi, ezgulik va yaratuvchanlik oldingidan ham shiddatliroq kechayotganligidan, har bir kuni yangiliklar, oʻsish-oʻzgarishlar bilan toʻlayotganidan xursand. Ilohim, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning umrlari uzoq boʻlsin, yuzga kirsinlar. Martabalari bundan-da baland boʻlsin!
Qoʻllarimni duoga ochsam, uchinchisi soʻrab qoldilar:
– Tavba, shu Yurtboshimiz hech tinim bilmaydilar-da. Olloh quvvat bersin, shuncha kuch-qudratni qaydan olayaptilar-a?
Toʻrtinchisi unga tanbeh berdi:
– Qayerdan boʻlardi? Sen bilan menga oʻxshagan oddiy odamlarning mehri va duolaridan-da!
Bizning hamyurtlarimiz oʻzi tabiatan sodda va oqkoʻngil, bagʻri sahrolariday keng, ishonuvchan va mehnatkash xalq. Ular bilan xayrlashar ekanman, sodda, tanti odamlarning jaydari falsafasidan koʻnglim mamnunlik, shukronalik, gʻurur, iliqlik va xotirjamlik hislariga toʻlayotganligini sezdim. Zero, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning bugun koʻngli tinch va ertangi kuniga ishonchi mustahkam. Negaki, yurtda tadbirkorlik, tashabbuskorlik va yaratuvchanlikka keng yoʻllar ochilgan. Ularning tafakkuri uygʻoq va ruhlari baland, boisi har bir oddiy fuqaroning fikri bugun davlat miqyosida inobatga olinmoqda. Farzandlaridan umidlari katta, chunki bizda yoshlarga ertangi kunimizning istiqboli sifatida qaralmoqda. Sanayversam, tugamaydi...
Yaxshisi, buni har birimiz qalbimizda, qolaversa, oʻz hayotimiz misolida anglab yetishimiz va yurtdoshlarimizga qayta-qayta uqtirishimiz lozim.
Sanobar XOʻJAMURODOVA, 40-sonli maktab direktori,
xalq deputatlari tuman Kengashi deputati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶