BAXT-IQBOL, ERK YOʻLI MANGU BOʻLSIN!
Baxt-iqbol, erk yoʻli. Bu yoʻl tomon intilmoq, tinchlik, huzur-halovatga yetishmoq – insoniyatning azaliy orzusi. Inson to oʻzini ana shu yoʻlda koʻrmoq uchun intilaveradi, orzu qilmoqdan aslo charchamaydi.
Azizlar, atrofga bir boqing: Ona Yurtning toʻrt tomoni gulrang, toʻrt tomonida toʻyu-tantana! Biri-biriga mehr jomini tutgan 136 millat ahil-inoq. Biri-birining qoʻllaridan tuz totgan, yetti mahallaning bolasini oʻz bolasiday eʼzozlayotgan xalqimizning shodligiga taʼrif yoʻq. Quvonchlar jarangi dunyolarga yetgan bundayin dorulomon damlar shukuhi ona Oʻzbekistonning har bir goʻshasida hukmron. Shukur, ming-ming shukur, xalqimiz chin maʼnoda Baxt-iqbol va Erk yoʻlida!
Bu manzilga yetguncha aziz, jonajon Oʻzbekiston xalqi uzoq, juda uzoq, sermashaqqat yoʻl yurdi. Surgunlar, qatagʻonlar, qonli muhorabalar zahrini totaverib sillasi qurigan aziz xalqimiz uchun hamisha bir ezgu shior suyanch boʻldi: Erk va adolat barhaqligiga ishonch! Ana shu ishonch xalqni birlashtirdi, ezgu orzular roʻyobi yoʻlida jipslashtirdi. Ana shu jipslik 136 ta millat farzandlarini buyuk va yengilmas Oʻzbekiston xalqi degan nom bilan dunyoga tanitdi. Totuvlik, bagʻrikenglik, mehr-oqibat tuygʻulari ila gupurgan yuraklarda, har bir qalbda aziz va yagona, jonajon Vatan – Oʻzbekiston boʻy tikladi!
Dil toʻla faxr va iftixor ila baralla aytamiz: tan-u jonimizga singib ketgan bugungi porloq va kelajagi buyuk Oʻzbekiston – bu Vatan – barchamizniki!
Bugun bu Vatanning shahru yovonlarini kezing – begona yoʻq. Totuvlikdan rang olgan toʻy-maʼrakalarini koʻring – barchasi yaqin, barchasi qavm-u qarindosh tojik-u oʻzbek, qozoq va turkman, qoraqalpoq bilan qirgʻiz, oʻris-u tatar... Eh-he, barcha bir dasturxon atrofida jamul-jam, barchaning oʻz oʻrni, dil toʻla tilagi bor. Oʻrtada mehr, qon-qarindoshlik ho-kim, hurmat-eʼtibor hokim oʻrtada!
Quvonchlar koʻkka yetgan lahzalarning shukuhini qarang: – Ona Yurt osmoni musaffo, tonglari osuda, koʻngillar xotirjam, xonadonlarda osoyishtalik.
Sarishta, obodon koʻchalar tomon lang ochilgan eshiklardan oydin hayot sari qadam tashlayotgan farzandlar chehrasiga bir boqing – quvonchlar uchqunlaydi, qadamlarida ajib dadillik, shijoat!
Ana shudir, azizlar, xalqimiz ming mashaqqat ila yetgan Baxt-iqbol va Erk yoʻli! Bu yoʻlni qurmoq uchun jafolar chekkan momo-bobolar haqqi, bu yoʻlga yetaklab, qadamlarimizga quvvat boʻlgan fidoyilar haqqi, matonat va jasorat kamarlarini mahkam bogʻlab, to bu yoʻlga yetguncha oʻz huzur-halovatidan kechgan, elim, yurtim deb yashagan Vatanparvarlar haqqi, Baxt-iqbol va Erk yoʻli xalqimiz uchun mangu boʻlsin! 27-yildirki, Ona Yurt osmoni uzra porlab turgan Hurriyat Quyoshi, Erk va Istiqlol bayrogʻi mangu boʻlsin, azizlar!
Zotan,
Buyuk tarix bilan buyuk qadam-la,
Buyuk kelajakka evrilgan Vatan.
Qarang toʻrt tomonga, har bir qadamda
Bir buyuk oʻzgarish kashf etgan Vatan!
Xalq baxtiyor baxt-u iqbol yoʻlida,
Hurriyat, Erk va Istiqbol yoʻlida!
Shundayin Vatanga farzandmiz, farzand,
Otamiz, onamiz Alpomishlarga.
Tinchlikka, doʻstlikka eng metin darband –
Istiqlol poyidor evrilishlarga!
Xalq baxtiyor baxt-u iqbol taxtida,
Koʻz tegmasin Oʻzbekiston baxtiga!

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶