XALQIMIZ BUGUNIDAN ROZI, ERTANGI KUNIGA IShONChI BALAND
Men har kuni qadim Qipchoq shaharchamiz koʻchalari boʻylab ishga borarkanman, kun sayin qiyofasi oʻzgarib borayotgan qadrdon makonga boqib, koʻnglim yashnab ketadi. “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli obodonlashtirish, qurilish-taʼmirlash ishlari haqiqatdan ham shaharchamiz chiroyini ochib yuborayapti.
Shundoq katta guzar yoʻl boʻyida qad rostlayotgan maishiy xizmat koʻrsatish majmualari, piyodalar uchun yoʻlaklar – hamma-hammasi yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik sharofatidan!
Juda qisqa fursat ichida shaharcha markazidagi 11-sonli umumtaʼlim maktabi binosi toʻliq joriy taʼmirlandi va yangi oʻquv yiliga taxt qilib qoʻyildi.
Ayniqsa, aholi 2-sonli MTM uchun boʻsh turgan QVP binosi rekonstruktsiya qilib berilganidan mamnun. Chunki 1938-yilda qurilgan 2-sonli MTM binosi anchayin eskirib, yaroqsiz holatga kelib qolgan edi. QVP binosida rekonstruktsiya ishlari uchun 1 mlrd. 217 mln. soʻmlik mablagʻ sarflandi va 150-oʻrinli zamonaviy MTM binosi bolajonlar ixtiyoriga berildi.
Shaharchamizda ikki qavatli maishiy xizmat koʻrsatish majmuasining barpo etilishi barchaning koʻnglidagi ish boʻldi. Tadbirkor Sharof Hayitboyev tomonidan bunyod etilayotgan tikuvchilik tsexi, Bahodir Sobirov tashkil etgan xususiy dorixona, Davron Eshmurodovning biznes-rejasi asosida qurilayotgan mini market shaharchamiz koʻrkiga-koʻrk qoʻshib turibdi.
Dastur doirasida kam taʼminlangan 7 ta oilaga uy-joylarini taʼmirlashda begʻaraz yordam berildi. 28 oilaga esa uy-joy qurish uchun yer maydonlari ajratildi.
Shaharchamizning ichki koʻchalariga tosh-shagʻal yotqizilganidan aholi mamnun. Bundan tashqari, aholini elektr energiyasi bilan taʼminlashdagi kamchiliklar ham bartaraf etildi. 2 ta yangi transformator oʻrnatilib, qolganlari toʻliq taʼmirlandi va zamonaviy elektr uzatish kabellari tortildi.
Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida 33 metr chuqurlikdan suv chiqarib beruvchi artezian quduqlari qurilib, suv tozalab beruvchi agregatlar oʻrnatildi.
Shaharcha fuqarolar yigʻini ham oʻz ofisiga ega boʻldi. Avval pochta-aloqa boʻlimi joylashgan bino qayta taʼmirlanib, ShFY maʼmuriyati ofisiga aylantirildi.
Xullas, shaharchamiz kun sayin goʻzallashib, obod va farovon goʻshaga aylanmoqda. Bunyodkorlik ishlari esa hamon davom etayotir. Oʻz hayotidan, turmush tarzidan rozi boʻlgan xalq bunyodkorlik ishlariga bel bogʻlaydi, ota makonini, qadami yetgan manzillarni obod etadi. Demak, xalqimiz bugunidan rozi, ertangi kuniga ishonchi baland, orzulari yuksak.
Nuraddin XOLBOYeV, Qipchoq ShFY raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶