MUASSASAMIZ OBOD MASKANGA AYLANDI
Agar bogʻ yaratsangiz-u unga alohida eʼtibor qaratmasangiz, nihollar parvarishi uchun zarur amallarni bajarmasangiz – bogʻ nafaqat quriydi, balki koʻrimsiz holatga kelib qoladi. Toʻgʻrisini aytsam, avval xalq taʼlimi tizimi tasarrufidagi maktabgacha taʼlim muassasalari xuddi qarovsiz holatdagi bogʻ misol bir ahvolda edi. MTMlarning oʻz moddiy texnik bazasi shakllanmagan, tarbiyachi-mutaxassislar “boriga baraka” qabilida ish yuritishga majbur edilar.
Muhtaram Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrdagi “2017-2021-yillarda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori sogʻa faoliyatini tubdan oʻzgartirib yuboradi. Ayniqsa, sohaning alohida vazirlik sifatida qayta tashkil etilishi yanada yangi imkoniyatlar sari yoʻl ochdi. Mamlakatimizda, shu barobarida tumanimizda ham davlat sherklik asosidagi xususiy MTMlarning paydo boʻlishi, eng chekka qishloqlarda ham yangi MTM binolarining qurilishi, mavjud MTMlarda olib borilayotgan rekonstruktsiya va joriy taʼmirlash ishlari sohaga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va ragʻbatdir.
Birgina bizning Nazarxon ovulimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli qurilish-taʼmirlash ishlarini koʻrib beixtiyor xalq orzu-umidlari ushalayotganidan koʻzlar quvonib, koʻngillar yuksaladi. Prezidentimizning 2018-yil, 29-martdagi “Obod qishloq” dasturini 2018-yilda amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Qaroriga muvofiq bizning Nazarxon ovulimiz ham “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, ayni paytda keng koʻlamli qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Ushbu dastur doirasida bizning 10-sonli MTM binosi ham zamon talablari darajasida joriy taʼmirlandi.
Muassasamiz 1976-yilda qurilgan boʻlib, eshik va derazalari, poli, hatto tomi ham ancha eskirgan, istish tizimlari tamoman yaroqsiz holga kelib qolgan edi. “Amudaryo maxsus qurilish” tashkiloti quruvchilari tomonidan 735 mln soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi.
Quruvchilarga ming rahmat, sifatli taʼmirlash ishlaridan soʻng muassasamiz tamoman yangi qiyofa kasb etdi. Zamonavy “Akva” eshik va deraza romlari, issiqlik tejamkor isitish tizimlari, hatto bolalar maydonchalari – barchasi kishiga zavq bagʻishlaydi.
Ayni kunda muassasamiz tamoman yangilangan sharoitda faoliyat olib borilmoqda. 6 ta guruhda 3 yoshdan 6 yoshgacha boʻlgan 120 nafar bola tarbiyalanmoqda. Shuningdek 3 yoshdan 4 yoshgacha boʻlgan 40 nafar bolajonlar xuddi ota-onalari bagʻridagi kabi yayrab oʻsishmoqda. Ikkita maktab taʼlimiga tayyorlash qisqa guruhimizda 50 nafar bolaga boshlangʻich taʼlim-tarbiya berilmoqda. Tarbiyachilarning 7 nafari oliy, 3 nafari oʻrta maxsus maʼlumotga egaa boʻlib, barchasi qayta tayyorlov kurslarida tahsil olishgan. Muassasmizda xodimlar uchun ham, kichkintoylar uchun ham barcha sharoitlar muhayyo. Maqsadimiz, har tomonlama yetuk, barkamol farzandlar tarbiyalash. Ana shu masʼuliyatli va sharafli ishni ado etish yoʻlida fidoyilik bilan mehnat qilaveramiz.
Fursatdan foydalanib barcha yurtdoshlarimizni Mustaqilligimizning 27 yilligi bilan samimiy tabriklayman. Bayram barchaga xush kayfiyat baxsh etsin.
Aqaral ATABAYeVA, Nazarxon ovulidagi
10-sonli MTM mudirasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶