“Choykoʻl”lik xotin-qizlar hamisha faol

Bugungi ayol – jamiyatning eng faoli. Ayol – tadbirkor, olima, shoira-yu adiba, fikrlari oʻktam siyosatchi. Yosh avlod tarbiyasi, oilalar mustahkamligi borasidagi ishlarda hamisha faol.
Shu kunlarda tumanimizdagi idora va tashkilotlarda, oʻquv muassasalarida, ovul va mahallalarda faoliyat olib borayotgan boshlangʻich xotin-qizlar tashkilotlarining umumiy yigʻilishlarida fidoyi ayol-qizlarimizning jamiyatda tutgan oʻrni, demokratik islohatlarni amalga oshirish jarayonlaridagi faol ishtiroki mamnuniyat bilan tilga olinmoqda.






17-sentyabr kuni “Choykoʻl” ovulidagi aholi dam olish markazi binosida boʻlib oʻtgan “Choykoʻl” ovul fuqarolar yigʻini boshlangʻich xotin-qizlar tashkilotining umumiy yigʻilishi ham ochiqlik va oshkoralik ruhida oʻtdi. Tashkilot aʼzolarining faolligi yigʻilish kun tartibiga qoʻyilgan masalalar boʻyicha muzokaralarda yaqqol aks etdi.
Boʻlib oʻtgan umumiy yigʻilish kun tartibiga havola etilgan asosiy masala – Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi hamda 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonlari ijrosini taʼminlash borasida “Choykoʻl ovul fuqarolar yigʻini boshlangʻich Xotin-qizlar tashkilotining vazifalari toʻgʻrisida” boshlangʻich Xotin-qizlar tashkiloti raisi Zulayho Allaberganova hisobot maʼruzasi qildi.
U oʻz maʼruzasida boshlangʻich Xotin-qizlar tashkiloti tomonidan “Choykoʻl” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi mahallalarda yashovchi koʻpni koʻrgan onaxonlar, faol ayol-qizlar ishtirokida olib borilayotgan keng qamrovli, targʻibot tadbirlariga alohida toʻxtalib oʻtdi. Yosh avlod tarbiyasi, oilalar mustahkamligi, ona va bola salomatligi, ayol-qizlar oʻrtasida tadbirkorlik, kasanachilik faoliyatini rivojlantirish, imtiyozli bank kreditlari asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga yangi ish oʻrinlari yaratish, giyohvandlik va diniy ekstremizmning, ommaviy madaniyatning har qanday koʻrinishlariga qarshi kurashish boʻyicha hisobot davrida amalga oshirilgan ishlarga keng toʻxtalib oʻtdi.
Hisobot maʼruzasi yuzasidan muzokaralarda tuman Xotin-qizlar qoʻmitasi boshqaruv Kengashi aʼzosi, “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi maxsus muxbiri Robiya Yoʻldosheva, “Choykoʻl” ovul fuqarolar yigʻini raisi Komiljon Zorliqovlar ishtirok etishib, ovul xotin-qizlari hayotidagi ijobiy oʻzgarishlar bilan birga yechimini kutayotgan muammolar ham mavjud ekanligini taʼkidladilar va boshlangʻich xotin-qizlar tashkiloti faoliyatini qoniqarli deb baholadilar.
Shundan soʻng, yigʻilish kun tartibidagi ikkinchi masala – “Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi”ning yangi tahrirdagi Nizomi loyixasi boʻyicha tashkilot aʼzolari tomonidan bildirilgan takliflar hamda tashkiliy va boshlangʻich xotin-qizlar tashkiloti faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda “Choykoʻl” ovul fuqarolar yigʻini boshlangʻich Xotin-qizlar tashkiloti raisligiga bir ovozdan Zulayho Allaberganova saylandi. Shuningdek, tuman xotin-qizlar qoʻmitasi konferentsiyasiga koʻrsatilgan delegat nomzodi ham yigʻilish ishtirokchilari tomonidan maʼqullandi.
Umumiy yigʻilish ishida tuman hokimi muovini, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Maryam Ahmedova, “Oila” ilmiy-amaliy markazi tuman boʻlimi rahbari Gulshod Yusupova hamda tuman Xotin-qizlar qoʻmitasi mutaxassislari ham ishtirok etdilar.
Maryam Ahmedova boshlangʻich Xotin-qizlar tashkilotlari oldida turgan dolzarb vazifalar, demokratik islohotlar jarayonlarida faol xotin-qizlarning roli, jamiyatimizdagi salbiy holatlarni bartaraf etish, diniy ekstremizm, ommaviy madaniyatning har qanday koʻrinishlariga qarshi kurashishda hamda yosh avlod taʼlim-tarbiyasida koʻpni koʻrgan onaxonlar bilan faol va jamoatchi ayollarning tutgan oʻrni haqida qimmatli fikr-mulohazalarini bildirdi.
Umumiy yigʻilish yakunida “Choykoʻl” aholi dam olish Markazi sanʼatkorlari ishtirokidagi kontsert dasturi namoyish etildi.
(Maxsus muxbirimizdan).






▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶