XUSUSIY BANDLIK AGENTLIKLARI XORIJDA HAM KAFOLATLI ISh BILAN TAʼMINLAYDI
Mamlakatimizda aholi soni ortayotgan bir paytda yangi ish oʻrinlariga tobora koʻp ehtiyoj sezilayotgani tufayli davlatimiz tomonidan bandlikni taʼminlashga, munosib ish oʻrinlari va sharoitlarni yaratishga, aholining real daromadlarini oshirishga qaratilgan qator tashkiliy-huquqiy choralar koʻrilmoqda.
Bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, aholi bandligini taʼminlash borasida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, respublika mehnat bozori infratuzilmasini yaxshilash, pirovardida aholi daromadlari va turmush sifatini yuksaltirish maqsadida Hukumat tomonidan “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
Qonun asosida xususiy bandlik agentliklari faoliyatining printsiplari va Qonunning amal qilish doirasi aniq koʻrsatib berilgan. Qonuga koʻra xususiy bandlik agentliklari yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan tuziladi va Davlat xizmatlari markazlarida davlat roʻyxatidan oʻtadi.
Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari xizmatlarining asosiy turlari ham koʻrsatilgan. Bu xizmatlarga ish qidirayotgan shaxslarga yurtimiz hududida mos keladigan ish topish, ish beruvchilar uchun kadrlarni tanlash, chet elda ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish, mehnat bozorida axborot va maslahat xizmatlari koʻrsatish kabilar kiradi.
Undan tashqari, ish qidiruvchilarni xorijda ishga joylashtirish boʻyicha xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tartibga soluvchi meʼyorlar ham hujjatdan oʻrin olgan. Chet mamlakatlarda mehnat bozorini oʻrganish, ish beruvchilarni topish, ular bilan muzokaralar yuritish, bu borada shartnomalar tuzish ana shu qoidalar sirasiga kiradi.
Mazkur Qonun chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini ham qatʼiylashtirdi. Yaʼni, respublika hududidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarga xizmat koʻrsatish uchun agentlik Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasiga 50 ming AQSh dollari miqdorida zahira mablagʻlarini kiritadi va bu boʻyicha oʻz faoliyatini Qonunga muvofiq amalga oshiradi.
Agentlikning aholini chet elda ish bilan taʼminlash boʻyicha faoliyati Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi. Vazirlik bunday agentliklar reyestrini yuritadi, litsenziya beradi, uni qayta rasmiylashtiradi, amal qilishini toʻxtatadi, qayta tiklaydi va bekor qiladi. Qonunda vazirlikning litsenziya berish bilan bogʻliq siyosatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
Mazkur Qonunning amaliyotga tatbiq qilinishi natijasida aholini ish bilan taʼminlash jarayonida raqobat muhiti vujudga keladi, bu bilan bogʻliq xizmat sifati oshadi. Ish beruvchilarga ham, ish qidirayotgan shaxslarga ham bandlikni taʼminlash jarayonida keng imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish bilan bogʻliq munosabatlarda jismoniy shaxslarning noqonuniy faoliyatlariga chek qoʻyiladi.
Eng muhimi, fuqarolarimiz boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisida ochiq va haqqoniy maʼlumotga ega boʻladilar. Bu esa sohada korruptsiyaviy holatlarni bartaraf etishda juda katta ahamiyat kasb etadi.
Muqaddas BEKNAZAROVA,
O’zLiDep tuman Kengashi apparat rahbari,
Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶