DASTUR LOYIHASIDA PORLOQ KELAJAGIMIZ OʻZ AKSINI TOPGAN
2017-2029-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini amalga oshirishning uchinchi bosqichi yaʼni, 2019 “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi loyihasi 253 ta banddan iborat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yilning 28-dekabr kuni Oliy Majlisga qilgan Murojjaatnomasida belgilab berilgan asosiy vaziflarni oʻz ichiga olgan.
Keyingi yillarda rivojlanishning shiddati va shijoatini har bir yurtdoshimiz oʻz hayotida yaqqol his qilmoqda. Oʻylaymanki, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi 15-yanvargacha umumxalq muhokamasi davomida yana ham sayqallanadi va yil mobaynida amalga oshirilishi barobarida xalqimiz turmush farovonligi ortadi, mamlakatimiz iqtisodiy qudrati yana yuksaladi.
Dasturning “Ijtimoiy sohani rivojlantirish” deb nomlangan 4 boʻlimi ayniqsa, aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgani bilan juda ahamiyatlidir. Mazkur boʻlimning 1 bandida aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish maqsadida eng kam oylik ish haqi miqdorini belgilash tartibini qayta koʻrib chiqish, bunda xodimlarning ish haqi miqdorini yagona taʼrif stavkasi boʻyicha tarif koeffitsentini oshirish hisobiga koʻpaytirish, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini yagona taʼrif stavkasi boʻyicha tarif koeffitsentlarini oshirish koʻrsatkichidan kelib chiqib koʻpaytirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish, loyihada bozor iqtisodiyoti talabidan kelib chiqib, norasmiy mehnatdan foydalanishning oldini olishga qaratilgan ragʻbatlantiruvchi normalar oʻz ifodasini topadi.
Boshlanayotgan yilda aholi bandligini taʼminlash maqsadida tijorat banklari tomonidan maqsadli dasturlarga muvofiq mikrokreditlash hisobiga 191,5 ming aholini tadbirkorlikka jalb qilish, fuqarolarni tashkillashtirilgan holda xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish orqali 200,4 ming aholini ish bilan taʼminlash, kasbga oʻqitish, huquqiy va boshqa turdagi maslahatlar berish kabi ijtimoiy yordamning nomoliyaviy usullaridan keng foydalanish rejalashtirilmoqda.
Umumxalq muhokamasiga taqdim etilgan Dastur loyihasida xalqaro standartlarga muvofiq kasbiy malakani baholash tizimini joriy etishga xizmat qiluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori loyihasini ishlab chiqish, loyihada Mehnat vazirligidan akkreditatsiyadan oʻtgan nodavlat tashkilotlarga fuqarolar malakasini oshirish va kasbiy malakasini baholash huquqini berish, nodavlat tashkilotlar tomonidan fuqarolarga belgilangan namunadagi kasbiy koʻnikmani tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish, barcha ishchi va xizmatchilarga ularning kasbiy malakasini inobatga olgan holda tabalashtirilgan haq toʻlash tizimini joriy etish ham rejalashtirilmoqda. Agar loyihadagi bu norma qabul qilinsa, ishchi-xodimlarni ish vaqtidan unumli foydalanishga undashi soʻzsiz.
Turmush sifatini oshirishning asosiy shartlaridan biri bu – bandlik. Baʼzi ishsiz fuqarolar, ayniqsa yoshlar oʻziga munosib ish topolmay, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmoqchi boʻlishadi. Biroq ishni nimadan boshlashni, tadbirkorlik loyihasini ishlashni bilmaydi. Dastur loyihasida ana shunday holatga tushgan fuqarolarni tadbirkorlik loyihalarini tayyorlash boʻyicha oʻqitishni mehnat guzarlari kvorking markazlarida tashkil etish rejalari ham oʻrin olgan. Rejaga muvofiq, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Savdo-sanoat palatasi tuzilmalari orqali fuqarolar mehnat guzarlari va kvorking markazlarida tadbirkorlik loyihalarini tayyorlash boʻyicha oʻqitiladi, tadbirkorlik faoliyatini boshlagan fuqarolarni birinchi yilda badaldan ozod etgan holda, Savdo-sanoat palatasiga aʼzo qilish va ularda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish maqsad qilib qoʻyilgan.
Dastur loyihasida Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonunining yangi tahririni ishlab chiqish, bu loyihada ish beruvchining iqtisodiy mustaqilligi tamoyillarini kuchaytirish, qonunosti hujjatlardagi normalarni bevosita qonunda belgilash, oʻzini oʻzi band qilishning zamonaviy va samarali shakllari, jumladan, masofaviy mehnat, frilansing kabi faoliyat turlarini kengaytirish va uning huquqiy maqomini belgilash nazarda tutilgan.
Ushbu boʻlimning ikkinchi bandi aholini ijtimoiy himoya qilish va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish borasida bajarilishi lozim boʻlgan vazifalarni oʻz ichiga olgan. Bu borada bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandlarning onalariga ular pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga ega boʻlmagan taqdirda, ijtimoiy nafaqa tayinlash, pensiya tayinlash uchun hujjatlarni yigʻish jarayonini tubdan optimallashtirish maqsadida normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish, unda arxivlardagi maʼlumotlarning elektron bazasini yaratish, idoralararo axborot almashuvini joriy etish, davlat xizmatlari markazi orqali pensiya tayinlash davlat xizmatini yoʻlga qoʻyish nazarda tutilgan.
Dastur loyihasi inson omiliga yuksak eʼtibor namunasi, desak adashmagan boʻlamiz. Boisi unda tibbiyot muassasalari faoliyatini yanada yaxshilash, aholining sifatli tibbiy xizmatidan foydalanishiga sharoitlar yaratish, sanitariya-epidemiologiya xizmatini yanada takomillashtirish, nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan protez-ortopediya buyumlari va texnik reablitatsiya vositalari bilan bepul taʼminlashni yaxshilash, ogʻir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlarni korxonalardagi boʻsh va kvotalangan ish oʻrinlariga joylashtirish, nogironligi boʻlgan, farzandlarini toʻlqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga imtiyozli ipoteka krediti asosida arzon uy-joylar berish, Xotin-qizlar va oilani qoʻllab-quvvatlash fondi orqali xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga 100 mlrd. soʻm imtiyozli kredit ajratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, arzon uy-joylar qurish dasturini izchil davom ettirish, aholi punktlarida ichimlik suvi taʼminoti va oqava suv tarmogʻini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, shahar koʻchalari va boshqa aholi punktlarining ichki yoʻllarini kapital va joriy taʼmirlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, xalqqa madaniy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish kabi koʻplab vazifalar belgilanganki, bularning ijrosi turmushimiz sifatini tubdan yaxshilashga xizmat qilishi bilan juda ahamiyatlidir.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶