VATAN HIMOYaSI MARDLARGA YaRAShADI
Tinchlik – bu xotirjamlik va barqarorlik, imon esa qalb xotirjamligidir. Demak, tinchlik va imon tushunchalari bir-biriga juda yaqin.
Tarixdan maʼlumki, xalqning tinchligini taʼminlash va hududlarni himoya qilishga oʻsha yurtning oʻgʻlonlari safarbar etilgan. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam davrlarida ham bir jamoa kishilar safarlarda tunlari qoʻriqchilik qilib chiqqanlar. Abu Atiyya roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bir kishi vafot etganini bilib, qay biringiz uni biror yaxshi amal(ni bajarayotgan)ida koʻrgansiz?” –deb soʻradilar. Bir kishi: “Men u bilan Alloh yoʻlida bir kecha qoʻriqchi boʻldim”, – deb aytdi. Paygʻambarimiz alayhissalom va u zot bilan oʻtirganlar oʻrinlaridan turib, janoza namozini oʻqishdi. Mayyit qabriga qoʻyilgach, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam qoʻllari bilan tuproq tortdilar. Soʻng (mayyitga qarab): “Men sening jannat ahlidan ekaningga guvohlik beraman”, – dedilar”. (Imom Tabaroniy rivoyati).
Vatan himoyasi faqat harbiylarning emas, balki shu zaminda yashayotgan har bir fuqaroning burchilir. Himoya qilish deganda faqat qurol bilan emas, kerak boʻlsa, soʻz bilan, maʼrifat bilan, yosh avlodga vatanparvarlik ruhida tarbiya berish, gʻanimlarga raddiya berish bilan Vatanga tosh otuvchilar va igʻvogarlarga qarshi kurashish, ogohlik va hushyorlikni oshirishga daʼvat qilish yoʻllari orqali inson oʻz yurtini, millatini, xalqini himoya qilishi tushuniladi. Bu ham imoniy burch va musulmon kishining masʼuliyatidir.
Vatan himoyachisi boʻlish esa yanada sharafli burchdir. Kindik qoni toʻkilgan Vatanni, shu mustaqil yurtning har bir qarich tuprogʻini koʻz qorachigʻiday asrab-avaylash inson uchun goʻyo oʻz oilasini, shaʼnini, or-nomusini, imon-eʼtiqodini himoya qilish kabidir. Bu yoʻlda fidoyi boʻlgan kishi yuksak maqomga yetishi, ulkan ajrlar sohibi boʻlishi haqida bashoratlar mavjud. Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) marhamat qilib aytganlar: “Kimki Alloh taolo yoʻlida bir kun yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi roʻza tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimki sarhadni qoʻriqlab turganda halok boʻlsa, unga ham xuddi shunday ajr-u savob mukofoti boʻladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda boʻladi”.
Vatanga muhabbat, yurtni har qanday kuchlar xurujidan hamisha himoya qilish tuygʻusi naqadar ulugʻligi haqida Hazrati Ali karramallohu vajhahu bunday deganlar: “Ona-Vatanni sevish tufayli dunyo obod boʻlur”. Vatan himoyachilari esa yurtimizning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashda kamarbasta boʻlmoqdalar.
Alloh taolo mustaqil yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qoʻriqlab, yurtimizda tinchlik va xotirjamlik hukm surishi yoʻlida Qurolli Kuchlar saflarida xizmat qilayotgan barcha harbiy xizmatchilarni, otalarimiz, opa-singillarimiz, farzandlarimiz va aka-ukalarimizni Oʻzining hifzu himoyasida saqlab, aziz diyorimiz, tinchligi va mustaqilligimizni bardavom qilsin.
Oʻktam QurbOniyazov, “Noʻgʻoy eshon” jomeʼ
masjidi imom-xatibi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶