NILUFAR XOLBOYeVA: IMKONIYaTI ChEKLANGAN YuRTDOShLARIMIZGA KATTA EʼTIBOR QARATILMOQDA
Baʼzan atrofimizdagi odamlarga nazar solib, toʻrt muchasi sogʻ boʻla turib hayotdan oʻz oʻrnini topolmaganidan, turmushidan, zamonadan astoydil noliyotganlarini eshitib qolaman. Shunday paytda: “axir siz sogʻlomsiz-ku, harakat qilsangiz, izlansangiz hamma narsaga erishasiz”, – degim keladi.
Men Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati tuman boʻlinmasi rahbari sifatida tumanimizdagi mahallalarda yashovchi imkoniyati cheklangan insonlar, ayniqsa, yoshlar bilan koʻproq muloqotda boʻlaman va ularning qalblaridagi kelajakka ishonch, oʻzlari qiziqqan kasb-korni egallash va oʻz hunari, bilimi bilan jamiyatga foyda keltirishga intilish tuygʻusi baʼzi sogʻlom odamlarga nisbatan ustunroq ekanligini his etaman.
Oʻtgan 2018-yil davomida jamiyatimiz aʼzolari hayotida biri-biridan dillarda joʻshqin, goʻzal tuygʻular uygʻotuvchi tadbirlarning koʻp boʻlganidan ayonki, imkoniyati cheklangan insonlarning deyarli barchasi jamiyatimizda roʻy berayotgan yangilanish va oʻzgarishlardan mamnun. Hatto ana shu jarayonlarning faol ishtirokchilari hamdir.
Turli bayramlar sanalari munosabati bilan boʻlib oʻtadigan tadbirlarimizda jamiyatimiz aʼzolari dildan yayraydilar. Homiylar tomonidan bayram sovgʻalari bilan taqdirlanadilar. 20 nafar imkoniyati cheklangan bolajonlar esa tuman Nogironlar jamiyatining doimiy eʼtiborida. Ular uchun homiylar tomonidan tashkillashtiriladigan bayram tadbirlarida nihoyatda faol ishtirok etadilar. Sheʼrlar oʻqib, ashulalar aytishadi, raqsga tushishadi. “Assalom, Navroʻz!”, “Rang-barang boʻyoqlar olami”, “Mustaqillik – mening taqdirimda” kabi tadbirlarda oʻz ijod namunalari bilan ishtirok etgan imkoniyati cheklangan bolajonlarning iqtidorlari, intilishlarini koʻrib, ularni “nogiron” deyishga tili bormaydi insonning. Chunki bu bolajonlar hayotdan zavq olib, uning qadrini sogʻlom insonlardan ham teranroq his etadilar, oldinga intilib yashashdan aslo tolmaydilar.
Tuman Nogironlar jamiyati aʼzolari uchun 3-dekabr – “Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni” munosabati bilan har yili fayzli dasturxon yoziladi. Ushbu sana 2018-yilda ham koʻtarinki ruhda nishonlanadi. “Istiqlol” toʻyxonasida boʻlib oʻtgan bayram tadbirida Nogironlar jamiyati, Koʻzi ojizlar jamiyati hamda tuman ijtimoiy taʼminot boʻlimi tomonidan taklif etilgan jami 31 nafar imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga hamkor tashkilotlar tuman hokimligi tomonidan sovgʻalar berildi.
Yangi yil arafasida boʻlib oʻtgan bayram tadbirlari ham jamiyatimiz aʼzolariga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. Homiy tashkilotlar tomonidan tayyorlangan sovgʻalar taqdim etilayotgan lahzalarda, men doim bu insonlarning salgina eʼtibor va ragʻbatdan koʻngillari togʻday yuksalganlarini, koʻzlari quvonchdan yashnab ketganlarni koʻrib, ularning begʻubor quvonchlariga oshna ekanligimdan mamnun boʻlaman. Bayram tadbirlarimizda jamiyatimiz bilan hamkorlik qilib kelayotgan saxovatpesha yurtdoshlarimiz Dilorom Yusupova, Roza Oʻngʻarova, Gulchehra Doʻstjonova, Muhayyo Eshimbetova, Sanjar Saʼdullayev, Jamila Oʻrozimbetova, Rahima Tilovmurodova, Shirin Dadaboyeva, Muqaddas Qurolova, Muborak Sobirova, Koʻklan Kudenov, Rustambek Davletov hamda Muqaddas Polvonovalarga chin dildan minnatdorchilik bildiraman.
Imkoniyati cheklangan bolalar oʻrtasida doimiy ravishda oʻtkaziladigan shaxmat va shashka boʻyicha musobaqalarda aynn ana shu yuqorida nomlari qayd etilgan yurtdoshlarimiz nafaqat gʻolib sportchi bolalarni, balki musobaqaning barcha ishtirokchilarini oʻz sovgʻalari bilan taqdirlab, intilishlarini qoʻllab-quvvatlaydilar. Shuning uchun ham tumanimiz maktablarida individual taʼlim olayotgan imkolniyati cheklangan bolalar shaxmat sporti musobaqalarida doimo peshqadam. 55-sonli maktabdan Sevinch Tursunboyeva 2018-yilda oʻz tengqurlari orasida birinchilikni qoʻldan bermagan boʻlsa, Tursunboy Shukurullayev ikkinchi, Javohir Madrahimboyev uchinchi oʻrin sohiblari boʻldilar va yoshlar ittifoqi tuman Kengashi hamda homiylar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Yangi 2019-yilni jamiyatimiz aʼzolari yanada koʻtarinki ruhda qarshiladilar. Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati tuman boʻlinmasi va xalq taʼlimi xodimlari kasaba uyushmalari tuman Kengashi tomonidan yangi yil sovgʻalari berilib, archa atrofida tomoshalar tashkil etildi.
Jamiyatimiz aʼzolarining kayfiyati yuqori. “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da oʻz xususiy tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish, oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirish va hayotdan oʻz oʻrinlarini topish uchun intilib yashayotgan nogironligi bor yoshlarning orzu-intilishlariga qanot bagʻishlab yashash esa menga kuch bagʻishlaydi. Va ularning barcha orzulari roʻyobga chiqishini chin dildan istab, ular bilan birga intilishdan, bargalikda oldinga qadam tashlashdan aslo charchamayman.
Nilufar XOLBOYeVA, Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati tuman boʻlinmasi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶