Orol dengizining qurigan tubini oʻrmonzorga aylantirayotgan azamatlarga!
Ilgari “Orol fojeasi” deganda koʻpchilik bu ofat faqat orolboʻyi mintaqasi aholisi uchun qiyinchilik tugʻdirishini tasavvur qilishardi. Endilikda biz qurigan orol tubidan har yili 100 million tonna tuz va qum havoga koʻtarilishi haqidagi maʼlumotlarga ega boʻlganimizdan keyin bu butun jahon aholisi uchun dahshatli bir ofat ekanligiga ishonch hosil qilayapmiz.
Muhtaram Prezidentimizning Orol muammosini hal etish borasidagi tashabbuslari tufayli nafaqat mamlakatimiz aholisi, balki butun jahon xalqlari harakatga keldi.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev Birlashgan Millatlar tashkilotining 2017-yil 29-sentyabrdagi 72-sessiyasida soʻzlagan nutqlarida Orol dengizi fojiasi barcha mamlakatlar uchun jiddiy xavf tugʻdirishini isbotlab berdilar.
Shundan keyin Birlashgan Millatlar tashkilotining Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida “Trast fondi” tuzildi. Ayni kunda ushbu fondga koʻplab xalqaro tashkilotlar va hamkor mamlakatlardan mablagʻlar kelib tushayapti. Bular albatta Orol inqirozi oqibatlarini bartaraf etishga xizmat qilmoqda.
Ayni kunda biz Orol dengizining qurigan tubida yashil qoplamalar bunyod etish maqsadida olib borilayotgan ishlardan har kuni xabardor boʻlayapmiz, u yerda kechayu-kunduz mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan telefon orqali gaplashib, ularning sogʻliklari va bajarayotgan ishlari haqidagi xabarlarni eshitib turibmiz.
Qishning izgʻirinli kunlarida Orolqum sahrosida yashil oʻrmonzor barpo etish maqsadida fidokorona mehnat qilayotgan eldoshlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Biz amudaryolik nuroniylar Orol dengizining qurigan tubini oʻrmonzorga aylantirishga harakat qilayotgan azamatlarni har kuni duo qilib, ularga sogʻlik-salomatlik, amalga oshirayotgan xayrli ishlarida esa yuksak unum boʻlishini tilaymiz.
Bekman ALLABERGANOV, “Nuroniy” jamgʻarmasi
Amudaryo tumani boʻlimi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶