Huquqbuzarga maʼmuriy jazo tayinlandi
... Yaqinlarini chorlab toʻy qilayotgan xonadon egalari Abdulla aka va Gulsara opalar (ismlar oʻzgartirilgan) quvonchini kelgan mehmonlar bilan birga baham koʻrib, nihoyatda xursand edi. Mansur ham doʻsti Nodirning quvonchiga sherik boʻlib, uni tabriklash uchun toʻyga keldi. Doʻsti undan kuyovjoʻra boʻlishni iltimos qilganida shunday kunida yonida turib astoydil xizmat qilish uchun darrov rozi boʻlganida hali oldinda uni nimalar kutayotganidan aslo xabari yoʻq edi. Hammasini eplay olaman deb oʻylagan yigit bazm boshlanganidan mast-u alast mehmonlarning kuyovjoʻra boʻlsang sen ham “erishing” kerak, deya ichkilik soʻrab, hadeb kelaverishidan bezor boʻldi. Ularning tixirliklaridan asablari tarang boʻlib turganida yana bir notanish yigit kelib, chekkaroqqa tortdi va u ham ichkilik talab qila boshladi.
Mansurning bundan toqati toq boʻldi va berolmasligini aytib, ketishga chogʻlandi. Ammo notanish yigitga bu yoqmadi. Mast boʻlganligi uchun oʻzini har qachongidan ham qudratli his qilib, soʻzini rad qilgan Mansurga zoʻrligini koʻrsatib qoʻymoqchi boʻldi va yuziga musht tushirdi. Shirakayf Sardorning kutilmagandagi ketma-ket zarbalaridan esankirab qolgan Mansur oʻzini oʻnglay olmay yerga yiqildi.
Kuyovjoʻralik qimmatga tushgan Mansurni behush holda shifoxonaga olib kelishdi. Uni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazib, umumiy ahvoli ogʻir boʻlganligi uchun jonlantirish boʻlimiga yotqizishdi. Oʻziga kelib qilmishining oqibatidan xabardor boʻlgan Sardor pushaymonligini aytib, kechirim soʻradi.
Ichkilik taʼsirida kimningdir yaxshi niyat bilan qilayotgan toʻyida janjal koʻtarib, bir insonga tan jarohati yetkazgan Sardorga bu huquqbuzarligi uchun Maʼmuriy ishlar boʻyicha tuman sudi tomonidan tegishli qonunga muvofiq chora koʻrildi va u qilmishiga yarasha jazolandi.
M.Karimboyeva, tuman Maʼmuriy sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶