AYoLNI EʼZOZLASh, UNGA EHTIROM KOʻRSATISh – OLIY QADRIYaT
Goʻzal va maftunkor oʻlkamizga yangilanish, yasharish ayyomi boʻlgan bahor fasli kirib keldi. Hassos shoirlarimizning ayolni bahorga, bahorni ayolga oʻxshatishining katta maʼnosi bor. Chunki hayot goʻzalligi, umr mazmuni – ayol! Oilaning asosi, oila hayotini charogʻon etib turadigan yorugʻlik – ayol! Ezgulik, mehr-muhabbat timsoli – ayol! Bahorning ilk kunida sevgi va sadoqat timsoliga aylangan buyuk shoira Zulfiyaxonim ham tavvalud topgan va shu kun sheʼriyat shaydolarining bayrami sifatida ham nishonlanadi. Ayolni eʼzozlash, unga hurmat-ehtirom koʻrsatish xalqimizga xos boʻlgan eng buyuk qadriyat hisoblanadi.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ayolga, onaga shunday taʼrif beradilar: “Yer yuzida muqaddas degan soʻzga eng munosib zot bu – avvalo, Onadir. Xalqimiz ona siymosini doimo ulugʻlab, ardoqlab yashaydi, ayolni eʼzozlash, ayolga ehtirom koʻrsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi”.
Davlatmiz rahbarining oʻtgan yilgi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Farmonining qabul qilinishi xotin-qizlar va oila bilan ishlash tizimini yangi bosqichga koʻtardi. Xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyati takomillashtirildi. Aniq vazifa va vakolatlari belgilab berildi. Har bir mahallada oilalar sonidan kelib chiqib, Xotin-qizlar qoʻmitasining xotin-qizlar bilan ishlash va oilada maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassisi lavozimi joriy etildi. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi qoshidagi Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi. FHDYo organlari tumanlar hokimiyatlari tasarrufiga oʻtkazildi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti Nizomiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi.
Albatta, bundan koʻzlangan asosiy maqsad – xotin-qizlarning oilada, jamiyatda mavqeini, siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, oʻz qobiliyat va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishlari uchun shart-sharoit yaratish, bir soʻz bilan aytganda, ayolni baxtli-saodatli qilish hamda oilalarni mustahkamlashdan iborat.
Tumanimiz aholisining 96 mingdan ortigʻini, deyarli 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Tumanimiz ayollaridan 9 nafari deputat boʻlsa,
Tadbirkor ayollarimiz ham koʻpchilikni tashkil etadi. Bu borada xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida ajratilayotgan imtiyozli kreditlarning ham oʻrni katta boʻlmoqda. Hozirgacha 7 nafar ayollarimizga shunday kreditlar olishlari uchun Qoʻmitaning tavsiyanomalariga koʻra kreditlar ajratildi.
Hayotning turli zarbalariga dosh bera olmay ogʻir sharoitga tushib qolgan, nogironligi boʻlgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar ham bugun oʻz samarasini bermoqda. 2017-yilda 4 nafar nogironligi boʻlgan ayollarimizga arzonlashtirilgan namunaviy loyihadagi uy-joylarning boshlangʻich badallari toʻlab berilib, uy-joy bilan taʼminlangan boʻlsa, 2018-yilda 14 nafar ana shunday ayollarga uy-joylarning boshlangʻich badali toʻlab berildi. Kasaba uyushmalari mablagʻlari hisobidan ham 5 nafar ayol bepul uy-joyga ega boʻldi. Xotin-qizlar qoʻmitasi tashabbusi bilan oʻnlab oilalarning uy-joylari taʼmirlandi.
Shuningdek, 40 nafarga yaqin imkoniyati cheklangan ayollarga nogironlik aravachalari olib berilgan boʻlsa, 400 nafardan ziyod ayollarning ish bilan bandligini taʼminlashga koʻmaklashildi. Ogʻir sharoitga tushib qolgan 20 ta oilalarning farzandlari bepul qishki kiyim-bosh bilan toʻliq taʼminlandi.
Kelajak – bogʻchadan boshlanadi, degan tamoyil asosida birgina tumanimizning oʻzida oʻnlab maktabgacha taʼlim muassasalari qurilib, foydalanishga topshirildi va barchasi inventarlar bilan taʼminlandi. Kelgusi yilga borib, kichik yoshdagi bolalarning maktabgacha taʼlim maskanlariga qamrovini bundan ham oshirish asosiy maqsad hisoblanadi. Chunki onalarimizning bemalol, koʻngli xotirjam boʻlib ishlashlari, farzandlarining yaxshi tarbiya olishlari uchun maktabgacha taʼlim muassasalarining oʻrni beqiyos.
Bularning hammasi birinchidan, onalarga qulay sharoit yaratish boʻlsa, ikkinchidan, farzandlarimizning barkamol boʻlib ulgʻayishiga xizmat qiladi. Ishonch bilan aytamizki, tumanimizda hech bir ayol, hech bir oila mehr-eʼtibordan chetda qolmaydi.
Yurtimizni yanada rivojlantirish, xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish, farzandlarmizni har tomonlama sogʻlom va bilimli qilib tarbiyalash borasida hali juda katta vazifalarimiz turibdi.
Muhtarama opa-singillarimizni goʻzallik va nafosat ramzi boʻlgan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Oilalar bagʻri butun boʻlishini, ayollarimiz doimo koʻngli xotirjam, goʻzal boʻlib yurishlarini tilayman. Barchangizga bayram muborak boʻlsin!
Maryam Ahmedova, tuman hokimi oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶