2019-yilning 1-yarmida jinoyatchilik oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 46,3 foizga kamaygan, 35 ta ovul va mahallalarda birorta ham jinoyat qayd qilinmagan
5-iyul kuni tuman hokimligida 2019-yilning birinchi yarmi yakunlariga bagʻishlangan huquqni muhofaza qiluvchi organlar muvofiqlashtiruvchi kengash yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda tumandagi maʼmuriy organlar rahbarlari va masʼul xodimlari, Qoraqalpogʻiston Pespublikasi prokurorining katta yordamchisi M.Nuratdinov, shuningdek, tuman hokimi oʻrinbosarlari, sohalar rahbarlari ishtirok etdilar.
Kun tartibidagi masala yuzasidan tuman prokurori oʻrinbosari N.Sobirov maʼruza qildi. Maʼruzada taʼkidlanganidek, tumanda umumiy jinoyatchilik oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 41 tadan 22 tagacha yoki 46,3 foizga kamaygan. Xususan, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 71,5 foizga, uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar 53,8 foizga, ogʻir jinoyatlar 100 foizga, oʻta ogʻir jinoyatlar 50 foizga kamaygan. Mavjud 49 ta ovul va mahallalarning 35 tasida jinoyat sodir etilishining butunlay oldi olingan. Biroq 7 tasida jinoyatlar koʻpaygan. Sodir etilgan jami jinoyatlarning 8 tasi yoshlar, 8 tasi ishsizlar, 4 tasi muqaddam sudlangan shaxslar, 1 tasi xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan.
Hisobot davrida muqaddam sudlangan 33 nafar shaxsning 27 nafari ustidangina maʼmuriy nazorat oʻrnatilgan. 122 nafar spirtli ichimlikka ruju qoʻygan shaxslarning 27 nafari majburiy davolashga yotqizilgan, qolganlarini davolash choralari koʻrilmagani tanqid qilindi.
Joriy yilning oʻtgan davrida jami 271 nafar shaxs profilaktik hisobga olingan. Bundan tashqari yilning oʻtgan olti oyi davomida 129 nafar xotin-qizlar tomonidan turli maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilgan. Bular oʻzaro janjal, tuhmat, yengil tan jarohati yetkazish, oz miqdorda talon-taroj qilish bilan bogʻliq. 15 nafar shaxsning oʻz joniga qasd yoki suiqasd qilishi holatlari sodir etildi. Ularning bir nafari hali voyaga ham yetmagan oʻsmirdir.
Yigʻilishda hududida jinoyatchilik koʻp sodir etilgan ovul va mahallalar oqsoqollari, sohalar rahbarlariga bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yigʻilish soʻngida tuman hokimi S.Yoʻldashev barcha ishtirokchilarni tumanimizni obod va osoyishta hududga aylantirishda, xalqimizning baxtiyor, tinch hayot kechirishini taʼminlashda birgalikda harakat qilishga daʼvat etdi.
O.PAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶