Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalariga qanday talablar qoʻyilmoqda?
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida» 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmoni ijrosini taʼminlash yuzasidan tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalariga ruxsat berish tartibini ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obʼektlarda jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2019-yil 24-iyuldagi 624-son Qarori aynan shu vazifa ijrosi yuzasidan qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019-yil 15-oktyabrdan boshlab jamoat xavfsizligi boʻyicha umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obʼektlarda quyidagi talablarni belgilagan holda ularning 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritishini taʼminlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullandi, yaʼni:
«Xavfsiz shahar» kontseptsiyasi doirasida umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obʼektlarning ichki qismiga, shu jumladan, xizmat koʻrsatish xonalari, kirish va chiqish joylariga tasvirni kamida oʻttiz kun davomida saqlash imkonini beruvchi videokuzatuv tizimini oʻrnatish;
binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va ularga tegishli boshqa hududlarni yetarli darajada (kamida 10 metr masofada) yoritish;
binoda shovqinning ruxsat etiladigan shovqin meʼyorlariga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari va normalaridan oshmasligini taʼminlash, shu jumladan, obʼektlarni toʻliq tovush oʻtkazmaydigan etib jihozlash yoki tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asbob-uskunalaridan foydalanmaslik;
yongʻin oʻchirish vositalari hamda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar toʻplami solingan tibbiy yordam qutichalari bilan taʼminlash;
binoning barcha uchun koʻrinarli joylariga yongʻin va boshqa favqulodda (tezkor) vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish chizmasi hamda tezkor va qutqaruv xizmatlarining telefon raqamlari koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻrnatish.
Qarorda belgilanganidek:
umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obʼektlar rahbari tomonidan yuqoridagi talablar bajarilganligi haqida hududiy ichki ishlar organlariga tegishli maʼlumot taqdim etiladi;
ushbu qarorning yuqorida belgilangan talablarga rioya etmagan holda tungi vaqtda faoliyat yuritish taqiqlanadi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi;
ushbu qarorning yuqoridagi belgilangan talablarga rioya etgan holda tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obʼektlarning qonuniy faoliyatiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aralashish taqiqlanadi;
videokuzatuv tizimini oʻrnatish va yuqorida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish tegishli umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obʼektlarning oʻz mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
tungi vaqtda faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obʼektlar tomonidan yuqorida nazarda tutilgan talablar buzilsa yoki ularning tungi faoliyati yuzasidan jamoatchilik tomonidan muntazam ravishda eʼtirozlar bildirilsa, ularning tungi vaqtda faoliyat yuritish huquqi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Qarorda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obʼektlardagi videokuzatuv tizimlarini «Xavfsiz shahar» apparat-dasturiy kompleksiga integratsiya qilishda ularga har tomonlama koʻmaklashish, Milliy gvardiya bilan birgalikda patrul guruhlari tomonidan tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obʼektlar joylashgan yoʻnalishlarda doimiy nazorat oʻrnatilishiga alohida eʼtibor qaratish belgilagan.
Bundan tashqari, Qaror bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda:
belgilangan tartibda tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obʼektlar roʻyxatini shakllantirsin va uning doimiy ravishda yangilab hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borilishini;
ushbu qarorning maqsadi, mohiyati va ahamiyati tadbirkorlik subʼektlari orasida tushuntirilishini taʼminlash vazifasi yuklatilgan.
Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
M.Matyusupov, Amudaryo tuman Adliya boʻlimi boshligʻi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶