PROBATsIYa XIZMATI MAHKUMLARNI TOʻGʻRI YOʻLGA QAYTARADI.
Joriy yil boshidan Oʻzbekistonda Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining Ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar ijro etilishini nazorat qilish boshqarmasi negizida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi va uning tarkibiy boʻlinmalari huzurida Probatsiya xizmati tashkil etildi. Qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan bu faoliyat jinoyat sodir etgan shaxslarni jamiyatdan, oilasidan ajratmagan holda, keng jamoatchilik bilan uzviy hamkorlikda axloqan tuzatish ishlarini olib borishni nazarda tutadi.
Mamlakatimizda ushbu xizmat joriy etilishi munosabati bilan mazkur oʻquv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Jinoiy jazolarni ijro etish faoliyati” mutaxassisligi boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtashdan kelib tushadigan ushlanmalarning 50 foizi hisobidan shakllantiriladigan Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamgʻarmasi tuzildi.
Probatsiya boʻlinmalari ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish boʻyicha faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, jamoat tuzilmalari bilan oʻzaro hamkorlikda tashkil etadi. Shartli hukm qilingan va jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshiradi. Shuningdek, boʻlinmada ijtimoiy, pedagogika va profilaktika sohalarida ish tajribasiga ega boʻlgan ofitserlar tarkibidagi malakali xodimlar ish yuritadi. Ushbu tizimda ichki ishlar organlarining katta amaliy ish tajribasiga ega pensionerlarini ham xizmatga qabul qilish imkoni mavjud.
Jahon amaliyoti jinoyat sodir etgan shaxsni jamiyatdan ajratib qoʻyish, qamoqxonada saqlash bilan uni toʻgʻri yoʻlga qaytarib boʻlmasligini koʻrsatdi. Shu bois jinoyat sodir etgan shaxs yoki va jinoyat sodir etishga moyilligi boʻlganlarni jazolash masalasiga yangi, oqilona yechim topish zarurati yuzaga keldi. Tajriba va oʻrganishlar bunday insonlarni oila aʼzolari, yaqinlari, keng jamoatchilik orasida boʻlishi ijobiy natija berishini isbotladi.
Probatsiya aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Bu xizmat asosan tasodifan yoki adashib jinoyat sodir etganlarga nisbatan qoʻllaniladi. Ijtimoiy xavfi kam yoxud mayda jinoyat sodir etgani uchun muqaddam sudlanganlar ham bu imkoniyatdan foydalanishi mumkin. Ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq jazoga mahkum etilganlar esa oʻtalmay qolgan jazo qismini probatsiya shaklida oʻtashi mumkin.
Jinoyat sodir etgan shaxsga ozodlikdan mahrum qilish boʻyicha jazolar tayinlash davlat va uning siyosati, iqtisodiyot, jamiyat va albatta, oʻsha shaxsning oʻziga qator muammolar keltirib chiqaradi. Probatsiya xizmati qoʻllanilganda esa mahkum avvalo, oilasi bagʻrida boʻladi, tibbiy, psixologik va huquqiy yordamdan foydalanadi. Qolaversa, u kasb-hunarga oʻrgatiladi, ishga joylashtiriladi, bir soʻz bilan aytganda, ijtimoiy faol boʻladi. Bu bilan u oʻzini nojoʻya yoʻllardan qutqaradi, oilasiga foyda keltiradi, mamlakat rivoji uchun xizmat qiladi.
A. Karajanov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi
Maʼmuriy sudining katta yordamchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶