“BUVIJONIM KIYGAN LIBOSLAR”
Bugungi kunda yoshlarimizning koʻcha - koʻyda milliy qadriyatlarimizga toʻgʻri kelmaydigan oʻta tor yoki kalta , badanni koʻz - koʻz qilib turuvchi kiyimlarni kiyib yurishlari taassufki, bor gap. Ayrim yoshlarimiz, maktab oʻquvchilari maktabda ham, uyda ham xorijiy teleseriallar qahramonlariga taqlid qilib kiyinishga, sochlarini turmaklashga harakat qilishadi.Keyingi yillarda ayniqsa qizlar orasida tor shim va yupqa matolardan tikilgan koftalar kiyish keng urfga aylanayapti. Shunday liboslar kiyib yurganlarni uchratganingizda haqli bir savol tugʻiladi: bu liboslarning oʻzimizning milliy liboslarimizdan nimasi afzal? Bu savolga maʼnaviyati pastlargina toʻgʻri javob berolmasligi mumkin.Chunki haqiqiy oʻzbekona liboslarning matolariga, bichimlariga bugungi kunda butun dunyoda qiziqish katta. Buni faqat yoshlarimizga tushuntirishimiz, milliy liboslarimizni hurmat qilishga, avaylab kiyib , goʻzal boʻlib yurishga ragʻbatlantirishimiz lozim.
Yaqinda tumanimizdagi 33-sonli maktabda maktab boshlangʻich xotin – qizlar tashkiloti tashabbusi bilan yuqori sinflar oʻquvchilari ishtirokida oʻtkazilgan “Buvijonim kiygan liboslar” deb nomlangan tadbir ana shu maqsadga qaratildi. Tadbirni maktab direktori Hanifa Yaxshimova ochdi va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning bizning milliy mentalitetimizga toʻgʻri kelmaydigan liboslariga koʻr – koʻrona berilavermaslik , oʻzimizning tabiiy matolarimizdan yilning har bir fasliga mos qilib qulay va bejirim liboslarni tanlash va kiyish yuzasidan oʻzining fikr- mulohazalarini bildirdi. Shundan keyin sahnaga momolarimiz kiyganidek liboslarda chiqib kelgan oʻquvchi qizlarni barcha qarsaklar bilan qarshi olishdi. Toʻgʻri, davrlar oʻtgani sayin kiyinish uchun yangi matolar , yangi modalar urfga kiradi. Lekin buvijonlarimiz kiygan kiyimlardan andoza olgulik koʻpgina jihatlarni koʻrishimiz mumkinligini ham yoddan chiqarmasligimiz kerak. Buni sahnada ikki qiz maktab formasi va uy kiyimi timsolida namoyish etib berishdi.
Maktab oʻqituvchilari, oʻquvchilari bu borada oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar.Tadbir oʻzbekona libos kiygan maktab badiiy havaskorlari ijrosidagi raqs bilan yakunlandi.Sahnada namoyish etilgan buvijonlarimiz kiygan turfa liboslar barchada oʻchmas taassurotlar qoldirdi, momolarimizning chevarligi-yu uquvliligining , kiyinish borasidagi did- farosatining namoyishi boʻldi, goʻyo.
O.RAJABOVA.
M.ShOMURODOV tushirgan surat.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶