«BUVIJONIM KIYGAN LIBOSLAR»
18-mart kuni Amudaryo tumanidagi 27-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida «Buvijonim kiygan liboslar» deb nomlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Davra suhbati tarzida tashkil etilgan tadbirda maktabning oʻqituvchilari, yuqori sinflar oʻquvchilaridan tashqari hudud nuroniy onaxonlari, ibratli oilalar bekalari, tibbiyot xodimlari ham ishtirok etdilar.
Davra suhbatida Arnaboʻyi mahalla fuqarolar yigʻini masʼul xodimlari qatnashib, maktab oʻqituvchilari bilan hamkorlikda ushbu tadbirni tashkil etishdan maqsad oʻquvchi qizlar bilan onaxonlarning milliy kiyimlar haqida jonli muloqoti davomida buvijonlar kiygan liboslar haqida kengroq maʼlumot berish, bu borada yoshlarning ham fikrlariga quloq tutish, ularga yoʻl-yoʻriqlar berish edi.
Hududning kayvoni onaxonlari Bibixadicha Yoqubova, Muyassar Bobojonova, Damagul Xolboyevalar oʻzlarining ibratli hayot yoʻli, milliy urf odatlarimiz, qadriyatlarimiz toʻgʻrisida, kiyinish madaniyat toʻgʻrisida, hududimizda yashab oʻtgan tabarruk ayollar kiygan liboslar haqida qiziqarli tarzda hikoya qilib berdilar. Shuningdek, zamonaviy qizlarning uy, maktab, mehmondorchilikda va bayramlarda kiyadigan kiyimlari xususida ham gapirdilar.
Hozirgi kunda ayniqsa qizlarning oʻta tor, kalta kiyimlar kiyib, oʻzlariga ortiqcha oro berishlari baʼzan ularni bachkana koʻrinishga olib kelayotgani, bugungiday dorilomon zamonda, baxtiyor yashayotgan, ilm olayotgan qizlar milliyligimizni unutmasligi, kiyinishda odob doirasidan chiqmasligi lozimligini taʼkidlandi. Chunki kishining libosi uning didi, dunyoqarashi hamda xulq-atvoridan darak berishi, kiyim inson maʼnaviyatining koʻzgusi ekanligi batafsil tushuntirildi.
Shundan soʻng oʻquvchi qizlar buvijonlar kiygan liboslarni kiyib, namoyish etib, ushbu kiyimlar haqida maʼlumotlar ham berishdi. Liboslarning inson uchun qulayligi, ortiqcha hashamlardan xoli, koʻngilga yaqinligi va ayollarni maʼlum maʼnoda yot nigohlardan saqlaganligiga eʼtibor qaratildi. Oʻquvchi qizlar kiyib namoyish etgan liboslar, taqinchoqlar, zeb-ziynatlar barchaning eʼtiborini tortdi.
Oʻquvchi qizlar qalbiga buvijonlar kiygan milliy liboslardan faxrlanish hissini singdirish, moda ortidan quvib, mentalitetimizga zid ochiq-sochiq kiyinishdan qaytarish, milliy qadriyatlarimizga, momolarimizning umrboqiy udum va anʼanalariga hurmatini yuksaltirish maqsadida oʻtkazilgan tadbirda yoshlarning ham fikrlari tinglandi, qizlarning bu borada oʻz qarashlari borligi va bu qarashlarda odob va milliy oʻzligimiz chuqur joy egallagani juda quvonarlidir.
Keyingi yillarda umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari orasida kiyinish madaniyati, odobi kabi mavzularda tez-tez bunday tadbirlar oʻtkazilayotgani bejiz emas. Boisi yoshlarga xalqimizga xos kiyinish madaniyatini singdirishning ahamiyati juda muhim.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶