PENSIYa TAʼMINOTI TAKOMILLAShTIRILMOQDA
Tumanimizda 2019-yil 1-oktyabr holatiga pensiya, ijtimoiy nafaqa oluvchi pensionerlar 21983 nafarni tashkil etadi. Yoshga doir pensiya oluvchilar 16335 nafar, nogironlik boʻyicha pensiya oluvchilar 2450 nafar, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini oluvchilar 961 nafar, pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga ega boʻlmagan qariyalar va boquvchisini yoʻqotganlik uchun ijtimoiy nafaqa oluvchilar 2240 nafardan iborat.
Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman boʻlimi tomonidan fuqarolarga pensiya va ijtimoiy nafaqalar tayinlash masalalari jarayonida pensiyalarning qonun talablari asosida toʻgʻri tayinlanishiga alohida eʼtibor qaratiladi. Shu sababli, korxona-tashkilotlar, arxiv idoralari tomonidan ish staji, ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning toʻgʻri belgilanganligi joylarga chiqib tekshirilib, keyin toʻlov oʻtkaziladi. Undan tashqari, pensiyani tayinlash, moliyalashtirish va uning oʻz vaqtida yetkazib berilishi muntazam nazorat qilib boriladi.
Pensiya va nafaqalar toʻlovlari Xalq banki orqali amalga oshirilmoqda. Fuqarolar yigʻinlari kesimida tuman boʻyicha 13970 nafar pensiya va nafaqa oluvchilarning toʻlov roʻyxatlari shakllantirilib, oʻrtacha oyiga 8,3 mlrd. soʻmlik toʻlov vedomostlari Xalq banki tuman filialiga oʻz muddatida yetkazilmoqda. Shuningdek, tuman boʻyicha yakka-yolgʻiz yashovchi, yotib qolgan, kam taʼminlangan va 1-, 2-guruh nogironligi boʻlgan shaxslardan 6173 nafarining roʻyxatlari alohida shakllantirildi. Ayni paytda Xalq banki tuman boʻlimi bilan hamkorlikda ularning xonadonlariga pensiya va nafaqa pullari birinchi navbatda yetkazib berilmoqda. Tumanda 14300 nafar pensiya va nafaqa oluvchi fuqaro “SMS-pensiya” xizmatidan foydalanmoqda.
Nuroniy otaxon va onaxonlar, nogironligi boʻlgan fuqarolar, turli toifadagi nafaqa oluvchilar bilan muloqot qilish maqsadida joylarga chiqib, aholi oʻrtasida suhbatlar oʻtkazilmoqda. Oʻtgan davr mobaynida fuqarolar yigʻinlarida 37-marta sayyor qabullar oʻtkazildi.
Shu yilning 1-oktyabridan un va qolipli non xarid qilish boʻyicha qoʻshimcha xarajatlarni qoplash uchun har oylik pul kompensatsiyasi 22 ming 300 soʻmdan 50 ming soʻmga oshirildi. Kompensatsiya mablagʻlari yoshga doir, nogironlik, boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasini oluvchilar, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini oluvchilarga beriladi. Shu qatorda nogironligi boʻlgan 16 yoshgacha, 18 yoshgacha OIVni yuqtirgan shaxslarga nafaqa oluvchilar, bolalikdan nogiron boʻlgan 16 yoshdan katta nafaqa oluvchilar, eng kam yoshga doir pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchilarga ham kompensatsiya mablagʻlari toʻlanadi.
Shuningdek, tumanimizda un va non mahsulotlari uchun kompensatsiya mablagʻlari naqd pul shaklida Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan mahalla fuqarolar yigʻinlariga borgan holda yetkazilmoqda.
Davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan bunday tashkiliy ishlar pensiya oluvchilarning barcha muammolarini xal etishga, ularni ortiqcha tashvishga qoʻymay xotirjam turmush kechirishlarini taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Yurtimiz aholisi pensiya taʼminoti tizimining tobora takomillashayotganidan nihoyatda mamnun.
Zokirjon Xalillayev,
Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi
tuman boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶