Saylov uchastkalari binolarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrildi
Tumanimizda barcha hududlardagi saylov uchastkalari mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etuvchi saylov kuniga tayyor qilib qoʻyilmoqda. Tayyorgarlik jarayonida binolarning yaroqliligi, sanitariya holati, yongʻin xavfsizligi kabi jihatlarga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tegishli masʼullardan iborat boʻlgan ishchi guruh tomonidan saylov uchastkalarida yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganilmoqda.
Shu qatorda saylov uchastkalari joylashgan binolarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash, oʻt chiqishi oqibatida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, bu borada belgilangan maxsus chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida tuman Yongʻin xavfsizligi boʻlimi tomonidan targʻibot-tashviqot tadbirlari olib borildi. Gaz, elektr taʼminoti korxonalari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari bilan hamkorlikda saylov okrugi va uchastkalaridagi yongʻin xavfsizligi holati koʻzdan kechirildi. Saylov oʻtadigan binolarda ularning yoritilishi, fuqarolarning erkin harakatlanishi uchun sharoitlarning yaratilganligi, videokuzatuv uskunalari, qutqaruv yoʻlaklari va birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari bilan toʻliq taʼminlanganligi tekshirildi.
Boʻlim xodimlari binolarda yongʻin xavfsizligi boʻyicha standartlar, normalar, qoidalar, yoʻriqnomalar va boshqa normativ hujjatlar talablariga rioya qilinganligini koʻrib chiqishdi. Shuningdek, nosoz elektr asbob-uskunalardan, isitish jihozlaridan foydalanmaslik, gaz uskunalarini ishlatganda yongʻin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilish, salbiy oqibatlarga olib keluvchi noxush hodisalarning oldini olish kerakligini hayotiy misollar bilan tushuntirishdi.
Saylov oʻtkaziladigan binolarda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar davomida elektr va gaz tarmoqlarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Yongʻin kelib chiqishining oldini olish boʻyicha xavfsizlik qoidalarini targʻib qiluvchi yongʻinga qarshi burchak, koʻrgazma va yoʻriqnomalar tashkil qilindi.
Yongʻin xavfsizligi boʻlimi tomonidan tashkil etilgan profilaktik tadbirlar saylov okrug va uchastkalariga yaqin hududdagi aholi yashash joylarida ham oʻtkazildi. Tadbirlar davomida xonadonlardagi gaz va elektr uskunalar, jihozlar, isitish pechlari, moʻrikonlarning holati koʻzdan kechirildi. Xonadon egalariga yongʻin xavfsizligi qoidalariga muntazam amal qilish lozimligi, nosoz elektr va gaz asboblaridan foydalanish noxush hodisalar keltirib chiqarishi, ularni soz holatda ishlatish, doim eʼtiborli boʻlish kerakligi yana bir bor eslatildi. Undan tashqari, fuqarolarga uylaridagi elektr tizimini oʻzlari bilgancha xavfsizlik qoidalariga rioya qilmay taʼmirlashlari, gaz plitasining yoqilgan holda tashlab ketilishi xatarliligi tushuntirildi va beparvolik is gazidan zaharlanishga olib kelishi aytilib, ogohlantirildi.
Yongʻin nafaqat binolar va uy jihozlarini yaroqsiz holatga keltiradi, balki insonlar hayoti, salomatligiga ham tahdid soladi. Yongʻin xavfsizligi boʻlimi xodimlari bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlar davomida saylov uchastkalardagi masʼullarni, mahalla faollari va barcha xonadon egalarini ogohlikka chaqirdilar. Chunki, sodir boʻlgan yongʻin hodisasini bartaraf etishdan koʻra, uning oldini olish oson.
Hamro Matyakubov, tuman Yongʻin xavfsizligi boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶