INSON HAYoTIDA KASBNING OʻRNI MUHIM
Dunyoda minglab kasblar bor. Mana shu rang-barang kasblar olamida qanday qilib moʻljal olish kerak? Hayot yoʻlingiz, mehnat faoliyatingizni toʻgʻri boshlash uchun qaysi kasbni tanlagan maʼqul? Bu ishda kasblar klassifikatsiyasi sizga yaxshi yordam berishi mumkin. Koʻp hollarda kasbning nomi, uning qanday atalishi kasb tanlayotgan kishiga maʼlum boʻlmaydi. Masalan, aytaylik, siz yaxshi rasm chizasiz, bu mashgʻulot sizga juda yoqadi va siz bundan keyin ham oʻzingizdagi mana shu rasm chizish qobiliyati kerak boʻladigan joyda ishlashni xohlaysiz. Xoʻp, ayting-chi, siz gazmol ishlab chiqarishda rasmlardan nusxa koʻchiruvchi degan kasb borligini, poligrafiyada - dizayner, kolorist, retushyor kasbi borligini bilasizmi? Bu roʻyxatni yana davom ettirish mumkin.
Oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha maktab va oila hamkorligi koʻp jihatdan bu ishga ota-onalarning qay darajada tayyorgarlik bilan qatnashayotganligiga bogʻliq. Yaʼni, kasb tanlash boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlarga ota-onalarni faol jalb qilish, kasbga yoʻnaltirish boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlarda ota-onalar bilan individual maslahatlashishi, oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha suhbat oʻtkazish eng koʻp tarqalgan shakl hisoblanadi. Suhbat jarayonida bolalarning qiziqishlari, moyilliklari, qobiliyatlari haqida maʼlumotlarni oʻzaro almashadilar. Maktabda oʻqituvchilar ota-onalarga kasb tanlash boʻyicha oʻtkaziladigan anketa savollariga olingan javoblar, mazkur mavzuga bagʻishlangan insholarni tahlil qilish asosida toʻplangan materiallarni aytib beradilar. Ayniqsa, bunda mehnat taʼlimi darsining ahamiyati katta. Mehnat taʼlimida oʻquvchi nafaqat mehnat tayyorgarligini, balki u oʻzining axloqiy sifatlarini ham shakllantiradi, boshqa kishilarga munosabati tarkib topadi, jismoniy va ruhiy, maʼnaviy tomondan rivojlanadi. Oilada toʻgʻri mehnat tarbiyasini olgan bolalar kelajakda oʻzining maxsus mehnat tayyorgarligini muvaffaqiyatli oʻtkazadi. Oilada bolalarning mehnat tarbiyasi juda erta boshlanishi kerak.
U odatda oʻyinchoqlarni batartib saqlash, ularning butunligiga javobgarligini oshirishdan boshlanadi. Bolalarning yoshi katta boʻlgan sari beriladigan mehnat topshirigʻi murakkablashib borishi, biroq uning miqdorini oshirmaslik kerak. Oʻzbek oilasi koʻp farzandli hisoblanadi. Shu bois, bolalar oʻrtasida mehnat taqsimoti boʻlishi shart. Agar ota-ona oʻz bolalarining baxtli boʻlishini xohlar ekan, albatta, bolani mehnatsevar qilib tarbiyalashi kerak. Shu bois bunda maktabning rahbarlik roli juda muhim. Maktab ota-onalarning ayrim kasblarga boʻlgan salbiy munosabatini bolalariga oʻtkazishiga harakat qilishlariga yoʻl qoʻymasligi zarur.
Xulosa qilib aytganda, inson hayotida kasb alohida ahamiyatga ega hisoblanadi. Maktab oʻquvchilarining toʻgʻri kasb tanlashida ota-ona va maktab birgalikda ish olib borsa, taʼlim-tarbiya sohasida, albatta, koʻzlangan maqsadga erishiladi.
Shahnoza QURBONBOYeVA,
55-sonli umumtaʼlim maktabining texnologiya fani oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶