PROFILAKTIKA KUNI TADBIRLARI XALQIMIZ TINCh-OSOYIShTA YaShAShIGA XIZMAT QILMOQDA
Tinch-osoyishta, oʻz oilasi bagʻrida bamaylixotir yashashni kim ham istamaydi, deysiz. Biroq yurtdoshlarimiz orasida nosogʻlom hayot kechirish orqali aholi tinchligiga daxl qilayotganlar, huquqbuzarliklar sodir etayotganlari ham uchrayotganidan koʻz yuma olmaymiz.
Davlatimiz rahbari topshirigʻiga koʻra, 2017-yil fevralidan beri haftaning har payshanbasi – Profilaktika kuni deb belgilanganligi sababli, qatʼiy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir Ichki ishlar idoralari xodimlari faoliyatining kundalik qoidasiga aylandi. Fuqarolarning muammolari ham kabinetda oʻtirib emas, balki xalq orasida yurib aniqlanib, yechimini topishga harakat qilinmoqda.
Albatta, har qanday kasallikni davolashdan koʻra oldini olish oson boʻlgani kabi jamiyatimizdagi salbiy illatlarni ham erta aniqlash, oldini olish, nosogʻlom hayot kechiruvchilar – ichkilikka yoxud huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslarni erta aniqlab, ularni foydali mehnatga jalb etish, jamoatchilik eʼtiborini qaratish orqali xulqini yaxshi tomonga oʻzgartirishga harakat qilish – yaxshi samara beradi. Shu maqsadda tumanimizda ham oʻtgan davr mobaynida har haftaning payshanba kuni “Profilaktika kuni” tadbirlari oʻtkazilib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, tuman hududida ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga erishilmoqda.
Tuman Ichki ishlar boʻlimida payshanba – Profilaktika kunida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan rahbariyat tomonidan har bir xodimga topshiriqlar berilib, bunda alohida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar haqida tushuntirishlar beriladi.
Joriy hafta 30-yanvar kuni oʻtkazilgan Profilaktika kuni tadbirida Ichki ishlar boʻlimi huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimining xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori, katta leytenant Dilfuza Sharifova Mangʻit shahrining Doʻstlik va Yangiobod mahallalarida uyma-uy yurish orqali oilalarning yashash sharoitlarini oʻrganib, uchragan mavjud muammolar yuzasidan maslahatlar berdi va tushuntirish ishlarini olib bordi. Bunda u fuqarolar bilan ayni qishning sovuq kunlarida tabiiy gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, farzandlarining maktabdan boʻsh vaqtlaridan maqsadli foydalanish lozimligi xususida suhbatlashdi.
Shuningdek, 40-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida taʼlim olayotgan oʻquvchilar bilan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, mamlakatimizda har bir yosh avlodning komil insonlar boʻlib voyaga yetishi uchun qaratilayotgan eʼtiborga munosib boʻlish lozimligi xususida suhbat oʻtkazdi. Mobil telefonlardan maqsadli foydalanish, kiyinish madaniyati haqida qiziqarli savol-javoblar boʻldi.
Tungi paytlarda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish maqsadida Mangʻit shahridagi savdo doʻkonlari, umumiy ovqatlanish shohobchalari jamoat tashkilotlari vakillari bilan nazorat qilinib, profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi.
Amalga oshirilayotgan buningdek tadbirlar yurtdoshlarimizning tinch-osoyishtaligini taʼminlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶