Probatsiya hisobida turgan mahkumlarni ozod etishga doir sayyor sud majlisi boʻlib oʻtdi
Bugungi kunda mamlakatimizda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida aholi oʻrtasida keng koʻlamli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda hududlarda sayyor sud majlislari oʻtkazilmoqda. Taʼkidlash joizki, bunday chora-tadbirlar juda katta samara bermoqda.
Oʻtgan yil davomida tumandagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida jinoyat va huquqbuzarliklarning soni sezilarli darajada kamaydi. Xususan, tumanimizda barcha yoʻnalishlarda sodir etilgan jinoyatlar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 19,3 foizga, jinoyat qidiruv yoʻnalishida sodir etilgan jinoyatlar esa 40 foizga kamayishiga erishildi.
29-yanvar kuni IIB majlislar zalida ochiq sayyor sud majlisi boʻlib oʻtdi.
Sayyor sud majlisida Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi Sultonmurod Davletmurodov, tuman prokurori Javlon Muftullayev, tuman IIB boshligʻi podpolkovnik Ulugʻbek Xudoyberganov, Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi tuman Kengashi bosh mutaxassisi Sardor Ismoilov, tuman Probatsiya guruhi xodimlari hamda yoshlar ishtirok etdilar.
Sayyor sud majlisida tuman IIB boshligʻi Ulugʻbek Xudoyberganov hamda Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi tuman Kengashi bosh mutaxassisi Sardor Ismoilovlar soʻzga chiqib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oqibatlari, ularning oldini olish hayotiy zarurat ekanligini soʻzlab oʻtdi.
Shuningdek, sayyor sud majlislari bevosita keng jamoatchilik koʻz oʻngida oʻtkazilayotgani aholi uchun ibrat maktabi vazifasini bajarayotganligi haqida soʻz yuritishdi. Bunday ahamiyatli tadbirlar yurtimizda jinoyat va jinoyatchilikni kamaytirish omiliga, mamlakatimiz odil sudlov tizimidagi ijobiy voqeliklarning muhim bir jihatiga aylanayotganini taʼkidlashdi.
Majlis davomida masʼullar davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan yurtimizdagi bir qator jamoat tashkilotlari, Yoshlar Ittifoqi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, "Nuroniy" jamgʻarmasi, ushbu tashkilotlarning joylardagi boʻlim va boʻlinmalari, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlariga sudlanayotgan shaxsni jinoyat yoʻliga qayta kirmasligi uchun kafillikka olish, shu asnoda oilasi bagʻrida qoldirilgan fuqarolarni qayta tarbiyalash vakolati berilganligi, bu bora tumanda amalga oshirilayotgan ishlar xususida keng toʻxtalib, batafsil maʼlumot berishdi.
Sud majlisida tuman Ichki ishlar boʻlimi hisobida turgan 8 nafar mahkumning oʻrnatilgan tartib-qoida talablarini bajarganligi va mehnatga halol munosabatda boʻlganligi alohida eʼtirof etildi. Tegishli tartibga koʻra bu eʼtiborga olinganligi sababli, mahkumlar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan shartli ravishda belgilangan jazo muddatidan ilgari ozod qilindi.
Davlatimizdagi amal qilinayotgan kechirimlilik, bagʻrikenglik tamoyillaridan mamnun boʻlgan bu fuqarolar hayotda faqat toʻgʻri yoʻldan yurishga ahd qilganini aytib, oʻz minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶