YIGʻILIShDA YOʻL-TRANSPORT HODISASI MUHOKAMA QILINDI
Yoʻl – tasodiflarga toʻla deymiz-u, baʼzan ushbu tasodiflar sababchilari aynan jabrlangan odamlarning oʻzlari ekanligini oʻylab koʻrmaymiz. Aslida buningdek baxtsiz hodisalardan aholi xabardorligini oshirish, lozim boʻlgan xulosalarni olishiga erishish juda muhim. Chunki xoh ichki, xoh xalqaro toifadagi yoʻllarda boʻlsin – tezlikni belgilanganidan ancha oshirib haydayotgan, mashina boshqarib borayotirib telefonda gaplashayotgan, yoʻlovchi talashib biri-birini quvib oʻtishga urinayotgan haydovchilarlar oz emas.
Yaqinda Beshtom mahallasida yoʻl-transport hodisasi muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, tuman prokurori J.Muftullayev, Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Xudoyberganovlar hamda mahalla fuqarolar yigʻini masʼullari, faollari ishtirok etdilar. Yigʻilishda buningdek koʻngilsiz hodisalar sodir boʻlishining oldini olish uchun keng targʻibot ishlarini olib borish, yoʻllarda xavfsiz harakatlanishga erishish kerakligi xususida soʻz yuritildi. Shuningdek, maktab oʻquvchilarining yoʻllarda yoʻl harakati qoidalariga amal qilish yuzasidan doimiy nazorat olib borish lozimligi taʼkidlandi.
Yigʻilish davomida shu yilning 2-fevralida Buxoro shahrida yashovchi, 1984-yilda tugʻilgan Mirzo Rahmonov hamshahari Komil Omonovga tegishli boʻlgan “Spark” rusumli avtomashinani ishonchnoma orqali A-380 “Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” xalqaro toifadagi avtomobil yoʻlining 727-kilometri, 4 peketida boshqarib ketayotganida boshqaruvni yoʻqotib, yoʻl chetiga chiqib ketib agʻdarilib, yoʻl-transport hodisasini sodir qilganligi keng muhokama qilindi.
Hodisa natijasida endigina 36 yoshni qarshilagan, 3 nafar farzandning otasi, hali hayotdagi orzu-armonlariga yetib ulgurmagan bir navqiron yigit ushbu hodisa oqibatida hayotdan bevaqt koʻz yumganligi, uning Buxoro shahridagi kafelardan birida boshqaruvchi boʻlib ishlaganligi, hodisa vaqtida mashinada boʻlgan onasi – 1954-yilda tugʻilgan Rahima Aminova esa tan jarohatlari olganligi tufayli kasalxonaga yotqizilganligi boʻyicha maʼlumot berildi. Shu kuni soat 11:50 lar atrofida sodir boʻlgan bu voqeaning asosiy sababchisi boʻlgan haydovchi tezlikni meʼyoridan ortiq oshirishganligi, natijada avtomashina boshqaruvini yoʻqotib qoʻyganligi va halokat sodir boʻlganligi haqida soʻz yuritildi. Shunga koʻra mazkur holat boʻyicha 2020-yil 3-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddasiga muvofiq jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligi ham maʼlum qilindi.
Yigʻilishda ishtirok etgan ota-onalar, mahalla faollari mahalla hududidagi yoʻllarga piyodalar yoʻlakchasi qurish, piyodalar magistral yoʻllarni kesib oʻtishlari uchun yoʻl chiziqlari chizish, yoʻl harakatini boshqaruvchi belgilar oʻrnatish yuzasidan takliflarni oʻrtaga tashladilar. Tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev bu takliflarni inobatga olish va bajarish yuzasidan tegishli masʼullarga topshiriq berdi.
O.Rajabova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶