“MATNIYoZ OXUN” QABRISTONI OBODONLAShTIRILDI
Har bir xalq oʻz tarixi, har bir inson esa oʻzi bilan hamnafas yashagan aziz kishilari xotirasidan maʼnaviy kuch, tarixiy voqea-hodisalardan xulosalar chiqarib, hatto maʼrifiy taʼlim-tarbiya oladi. Shuning uchun ham xotira – oʻtmish bilan bugungi kunni bir-biriga bogʻlab turuvchi maʼnaviy koʻprik hisoblanadi. Ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirish, ular mangu qoʻnim topgan qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish esa xalqimizning azaliy qadriyatlaridandir.
Yurtimizda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, diniy urf-odatlarni hurmat qilish, ayniqsa, muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni yanada obod qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Tumanimizdagi “Matniyoz oxun” qabristoni Amir Temur ovulida joylashgan boʻlib, mazkur qabristonga ovulning ziyoli, obroʻli insonlari va ularning ajdodlari dafn etilgan. Oʻz davrida ovuldagi maʼnaviyat va maʼrifatga intiluvchan insonlarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatgan ziyolilar sulolasi vakili Matniyoz oxun boboning muborak qabrlari ham shu yerda joylashgan. Ovul ahli har yili bahor kelishidan oldin qabristonda obodonlashtirish ishlarini olib borishadi.
Yaqinda ovul faollaridan koʻcha boshchi Rajab ota Xudoyberganov hamda mahalla imomi Xudoybergan Abdullayevlar rahbarligida mazkur qabristonda keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Mazkur xayrli va ezgu ishda fuqarolar yigʻini hududida yashovchi katta-yu kichik aholi bosh qoʻshdi. Ovul faollari Jumaboy Madrahimov Oʻrozimbat Allamboyev va Mahmud Otajonovlar yoshlar bilan birgalikda qabristondagi dov-daraxtlarga shakl berib, ortiqcha shox-shabbalar, qurib qolgan oʻt-oʻlanlarni qabriston tashqarisiga chiqarib tashlashdi. Har bir qabr atrofi tozalanib, ayrimlari taʼmirlandi. Taʼmirlash ishlari olib borilgan qabrlar boshida mahalla imomi Xudoybergan Abdullayev oʻtganlar ruhiga qurʼon tilovatlari oʻqib, dinimizda sharh etilgan ezgu, xayrli ishlarning savoblari xususida yoshlarga tushunchalar berdi. Shuningdek, xalqimiz azal-azaldan bunday xayrli ishlarni koʻpchilik boʻlib, bamaslahat bajarib kelganligini, oʻtganlarni yodga olib, ularning ruhlarini shod etish – savobi ulugʻ amallardan ekanligini, marhumlarning hoki poklari qoʻnim topgan maskanlarni obod qilish va ularning haqlariga duolar qilish insoniy burchligini gapirdi. Undan tashqari, islom dini taʼlimotlariga koʻra, atrof-muhitni koʻklamzorlashtirish, uning tozaligiga, savobli va ezgu ishlarni ado etmoqlikka, ziyoratgoh-u qabristonlarni obod qilishdek xayrli ishlarga kamarbasta boʻlish farz ekanligi, bu kabi hayrli ishlar koʻpchilikka manfaatli boʻlgani bois, savobi ham mislsizligini soʻzladi.
Shunisi eʼtiborga molikki, ovul keksalari ham yoshlar bilan birgalikda obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etishdi. Natijada “Matniyoz oxun” qabristoni ortiqcha shox-shabbalardan, qurigan xas-choʻplardan tozalandi.
Dunyodan oʻtgan ota-bobolari, yaqinlari xotirasiga hurmat koʻrsatish har bir insonning zimmasidagi farzandlik, qarindoshlik, qolaversa, insoniylik burchi ekanligini yaxshi anglagan ovul ahli yoshlarning bu ezgu ishlaridan mamnun boʻlishdi.
R.YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶