XONADONINI ELEKTR TAʼMINOTIGA NOQONUNIY ULAB, DAVLATGA ZARAR YeTKAZGAN FUQARO JAZOLANDI
Energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish kerakligini har bir isteʼmolchi juda yaxshi biladi. Chunki bu resurslardan unumli foydalanmaslik va uni iqtisod qilmaslik, ularni ishlab chiqarish uchun sarf boʻlayotgan yoqilgʻi energetika resurslarning ortiqcha sarf boʻlishiga olib keladi. Biroq ayrim kimsalarning undan noqonuniy foydalanishni odat qilgani achinarlidir.
12-fevral kuni “Olmazor” mahallasi fuqarolar yigʻini binosida Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi tomonidan sayyor sud oʻtkazildi. Sayyor sudda Jinoiy ishlar boʻyicha tuman sudi raisi Sultonmurod Davletmurodov, sudya yordamchisi Elyor Jumaniyozov, tuman prokuraturasi tergovchisi Bahrom Xoʻshanov, tuman Kengashi deputati Gulzoda Eshimbetova, oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman Kengashi raisi oʻrinbosari Otabek Ibragimov, “Olmazor” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Baxtiyor Jumatov hamda mahalla faollari qatnashishdi.
Sud majlisida shu mahalla fuqarosining oʻz xonadonida elektr taʼminotiga noqonuniy ulanib olganlik holatiga doir jinoyat ishi koʻrib chiqildi.
Mahallada aholining elektr energiyasidan foydalanish holati oʻrganilganda ushbu fuqaroning oʻz xonadonida elektr tarmogʻiga noqonuniy, yaʼni ruxsatsiz ulanib olganligi aniqlandi. Tekshiruv paytida xonadon egasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018-yildagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 120-bandida koʻrsatilgan talablarga zid ravishda elektr hisoblash uskunasidan tashqari, toʻgʻridan-toʻgʻri devor ichidan, yashirin ravishda elektr energiyasi tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan noqonuniy ulanib, foydalanib kelganligi natijasida tuman elektr tarmoqlari korxonasiga 49 mln. soʻmdan ziyod miqdorda zarar yetkazilgani maʼlum boʻldi.
Shu sababli bu shaxs oʻzining harakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi 1852-moddasining 2-qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda ayblandi.
Sud majlisi davomida sudlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar va guvohlar koʻrsatuvlarini, himoya va oxirgi soʻzlarini, davlat ayblovchi va himoyachining nutqlarini tinglandi. Shundan soʻng, jinoyat ishi boʻyicha toʻplangan barcha dalillar tekshirilib, huquqiy baho berildi.
Oliy Sud Plenumining 2006-yilgi «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti xaqida»gi 10-sonli Qarorining 5-bandida «Sudlar ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan, shuningdek, uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatilishi mumkin boʻlgan shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlash uchun qonunda mavjud barcha imkoniyatlardan toʻliq foydalanishlari kerak», - degan talablaridan kelib chiqib, sudlanuvchining aybini yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlar eʼtiborga olindi. Sudda jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar turkumiga kirishligi inobatga olinib, sudlanuvchiga ushbu modda sanktsiyasida koʻrsatilgan axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlash lozim deb topildi.
Jazo tayinlash masalasi muhokama qilinganda uning aybiga toʻliq iqrorligi va qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligi, oilaviy va moddiy ahvoli, oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari B.Boltaboyev tomonidan berilgan kafolat xati inobatga olindi. Shuningdek, ushbu shaxsning muqaddam sudlanmaganligi yengillashtiruvchi holat sifatida baholandi. Ammo jinoyatni gʻarazli niyatlarda sodir qilganligi ogʻirlashtiruvchi holat deb topildi va unga OʻzR JKning tegishli moddasida nazarda tutilgan axloq tuzatish ishlariga doir jazo tayinladi.
O. Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶