MAʼNAVIYaT OILADAN BOShLANADI DEB NOMLANGAN TADBIR OʻTKAZILDI
19-fevral kuni 9-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabi zalida “Mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tizimli tashkil etish boʻyicha jamoat tashkilotlarining 2020-yil yanvar-iyun oylariga moʻljallangan Hamkorlik Dasturi”ning 4-bandiga muvofiq “Maʼnaviyat oiladan boshlanadi” mavzusida targʻibot- tashviqot tadbiri tashkil qilindi.
Tadbirni oʻtkazishdan asosiy maqsad oilalarda maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, yoshlarning ilm egallashga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, ularni halol mehnat qilishga oʻrgatish, oilaviy kelishmovchiliklarga barham berishda mahallalarning davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini kuchaytirish, mahallalarda oila institutini mustahkamlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish, ota-onalarning farzand tarbiyasidagi oʻrni va javobgarchiligini oshirishga hissa qoʻshishdan iboratdir.
Mazkur tadbirda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tuman boʻlimi rahbari G.Yusupovaning “Oila – muqaddas”, “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlimi rahbari B.Allabergenovning “Kitob – hayot maktabi”, 15-sonli maktab direktorining maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Dilnoza Jumanovaning “Jaholatga qarshi maʼrifat”, tuman Xotin-qizlar qoʻmitasi bosh mutaxassisi G.Chimboychiyevaning “Farzand tarbiyasida ota-onaning roli va masʼuliyati” mavzularidagi maʼruzalari tinglandi. Shuningdek, oilalar va mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tizimli tashkil etish, jamoat va davlat tashkilotlari oʻrtasida bir-birini toʻldiradigan, samarali hamkorlikni joriy etish, ushbu yoʻnalishda jamoat tashkilotlari oʻrtasida imzolangan hamkorlik dasturida belgilangan vazifalar keng muhokama etildi. Undan tashqari, toʻy va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish boʻyicha Dasturda belgilangan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish xususida ham soʻz yuritildi.

Tadbirda Mangʻit shahridagi 12 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari masʼul xodimlari, mahallalar faollari, keksa nuroniylar, hoji ota va hoji onalar ishtirok etishdi va muhokama etilgan mavzular yuzasidan oʻzlarining fikr va mulohazalarini bildirdilar.
“Oila tinch – jamiyat tinch”. Bu iborani koʻp qoʻllaymiz. Biroq oʻzimiz yashayotgan jamiyatdagi mayda-chuyda, arzimasdek koʻringan kamchiliklar haqida koʻp qaygʻuravermaymiz. Bir kun bu kamchiliklarning ulkan muammoga aylanib ketishini va koʻpchilikning tinchini buzishi mumkinligini oʻylamaymiz. Baʼzi oilalardagi notinchliklar, oilaviy ajralishlarning tobora koʻpayib borayotgani, oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbidagi maʼnaviy boʻshliqlar ana shunday beparvoliklar oqibatlaridan biri desak, adashmaymiz. Bizning xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan mahalla bolasiga oʻz bolasidek qaygʻurish, qoʻshnisi tinch-omonligini oʻz xotirjamligiday koʻrish, borini, quvonch-tashvishini birga baham koʻrishday hayotbaxsh qadriyatlarini qayta tiklash va hayotimizdan mustahkam oʻrin olishiga erishish kechiktirib boʻlmaydigan vazifalardandir.
Tadbir davomida bu borada atroflicha soʻz yuritildi va kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.
Oygul Rajabova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶