Taʼlim-tarbiya beshikdan boshlanadi
Ha, bu asrlar davomida oʻz isbotini topgan haqiqat. Momolarimiz, onalarimiz bolani beshikka belab, uni uxlatish uchun beshik tebranishlariga mos ravishda alla aytishgan. Alla aytish jarayonida onaning bolasiga boʻlgan mehr-muhabbati, orzu-umidlari bilan birga birga yaxshi niyatlari, tilaklari ifoda etiladi.
Sevimli shoirimiz Choʻlpon “Bir bola uxlamasa, alla aytadilar. Bola tez uxlab ketar. Chunki ul andan bir lazzat his qilur” deya yozgan edi. Ha, alla orqali bola ruhiga iymon, Vatanga muhabbat, hurmat oʻz tugʻilgan oilasiga sadoqat tuygʻulari singdiriladi.
Mehr-muhabbatdan yaralguvchi bu huzurbaxsh, orombaxsh qoʻshiqning umrboqiyligi boisi ham shu boʻlsa, ajab emas.
Yaqinda tumanimizda faoliyat koʻrsatayotgan Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlariga qarashli 9202 “D” harbiy qismi harbiy xizmatchilarining turmush oʻrtoqlari oʻrtasida “Taʼlim-tarbiya beshikdan boshlanadi” deb nomlangan alla ijro etish borasidagi oʻtkazilgan tanlovda ham xalqimizning milliy boyligi hisoblangan ushbu folklor qoʻshiqlar ahamiyatini targʻib etish bosh vazifa qilib olindi.
Koʻrik-tanlovda “Oila” markazi tuman boʻlimi rahbari G.Yusupova, 9202 “D” harbiy qismdan E.Joʻraboyev, xotin-qizlar boshlangʻich tashkiloti raisi B.Xoʻjamurodovalar ishtirokchilarning chiqishlarini odilona baholab bordilar.

Koʻrik-tanlovda 10 nafar harbiy xizmatchilarning rafiqalari ishtirok etdilar. Hakamlar hayʼati ularning chiqishlarini, oʻzbekona kiyinishi, xalqimizning urf-odatlariga koʻra beshikka oʻngʻay holatda oʻtirib, alla aytishi, qoʻshiq matnining mazmundorligi, ijro mahorati kabi mezonlar asosida baholab bordilar.
Shunisi eʼtiborliki, goʻdak vujudiga ona suti bilan birga kiradigan bu umrboqiy qoʻshiqni mamlakatimizning turli hududlarida yashovchi onalar turlicha ohangda, matn mazmuniga qarab, goh iltijoli, goh quvonchli ohangda kuylashadi.
Allada ilohiy kuch bor. Uning erkalovchi, taskinbaxsh soʻzlari bola ruhiyatini tinchlantirib, osuda orom olishiga, tetik va tiniqib uygʻonishiga olib keladi. Shuningdek, allaga onalarning orzu-istak, umidlari qoʻshib kuylangani – erta bir kun chaqaloqning ota-onasi orzu qilganidek inson boʻlib voyaga yetishiga ijobiy taʼsir qiladi.
Maʼnaviy taʼlim-tarbiyani beshikdan boshlash, avlodlar kamoliga xizmat qilishi shubhasiz.
Allaning tarbiyaviy ahamiyatini targʻib etish maqsadida oʻtkazilgan mazkur tanlovda birinchi oʻrinni Nilufar Yoʻldosheva, ikkinchi oʻrinni Gulsanam Umirova, uchinchi oʻrinni Laylo Baxtiyorovalar egalladilar.
Koʻrik-tanlov gʻolib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan ragʻbatlantirildi.
Faziliddin MAHAMADIYeV,
9202 “D” harbiy qism xizmatchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶