Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tuman Kengashining plenumi boʻlib oʻtdi
Tuman hokimligining kichik majlislar zalida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tuman Kengashining navbatdagi II plenumi boʻlib oʻtdi. Plenumda OʻzMTDP tuman Kengashi xodimlari, OʻzMTDP Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashining yetakchi mutaxassisi - partiya fraktsiyasining ijrochi kotibi Majit Murzambetov, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, partiya yetakchilari, faollari hamda tuman ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Plenumni Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Bahodir Boltabayev ochdi va olib bordi.

Plenumda partiyaning tuman Kengashi va partiya deputatlik guruhining 2019-yildagi faoliyati yakunlari va 2020-yildagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi masalalar koʻrildi.
Kun tartibidagi birinchi masala, 2019-yil 22-dekabrdagi saylovlar natijalari tahlili yuzasidan partiyaning tuman Kengashi raisi Gulzoda Eshimbetova soʻzga chiqib, har qanday siyosiy partiya siyosiy maydonga chiqar ekan, xalq orasida oʻz obroʻ-eʼtiboriga hamda oʻrniga ega boʻlishga harakat qilishi kerakligi, oʻz gʻoyalari, Dasturi, amaliy ishlari bilan jamiyat va xalqqa foyda keltirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyishi lozimligiga alohida toʻxtaldi.

Partiyaning tuman Kengashi raisi taʼkidlaganidek, oʻtgan saylovlarda mazkur partiya oʻzining barcha imkoniyatlaridan foydalangan holda munosib qatnashishga harakat qildi. Partiya aʼzolari orasidan xalq ichida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan munosib nomzodlar tanlab olinib, saylovoldi targʻibot ishlari olib borildi. Saylov natijalariga koʻra partiyadan nomzodi qoʻyilgan Zumrad Bekatova 4-Amudaryo saylov okrugidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputatligiga, Yangiboy Yeshmurodov 35-Qipchoq saylov okrugidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatligiga, Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashiga esa 6 nafar deputatlar saylandi.
Shuningdek, kun tartibidagi ikkinchi masala 2019-yilning 12 oyi davomida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Xalq deputatlari tuman Kengashidagi deputatlik guruhi aʼzolarining olib borgan faoliyati yuzasidan deputat Adilboy Yusupovning hisoboti hamda kelgusidagi vazifalarni belgilash boʻyicha deputatlik guruhi aʼzolarining takliflari, fikr-mulohazalari tinglandi.

Adilboy Yusupovning hisobotida taʼkidlanganidek, OʻzMTDP tuman Kengashi deputatlik guruhi aʼzolari tomonidan kiritilgan takliflar asosida Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasiga 2 ta masala kiritildi. Oʻtgan davr mobaynida Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari oʻz saylovchilari bilan oʻtkazgan uchrashuvlari natijasida fukarolarning murojaatlari asosida hududlardagi mavjud muammolar, jumladan, tabiiy gaz, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi, yoʻl qurilishi, aholi yashash joylarini tozalash va obodonlashtirish, ishga joylashish, kredit olish kabi masalalarni hal qilishda amaliy yordam berish bilan bir qatorda hukumatimiz tomonidan joriy etilgan qonunlar, qarorlar va boshqa normativ-huquqiy xujjatlar ijrosi yuzasidan ham samarali ishlar qilingani taʼkidlandi.

Qolaversa, deputatlar OʻzMTDP tuman Kengashining “Yoshlar qanoti” tomonidan tashkil etilgan “Uyma-uy”, “Deputat bilan yuzma-yuz” loyihalari doirasida aholi bilan uchrashib, ularning muammo va murojaatlariga yechim topishda koʻmakdosh boʻlayotganlari ham alohida etirof etildi.
Plenum davomida partiyaning 2020-yil uchun moʻljallangan ish-rejasi tasdiqlandi hamda OʻzMTDP tuman Kengashi Ijroiya Qoʻmitasi va Kengash aʼzolari tarkibiga oʻzgartirish kiritildi. Partiyaning “Xizmat-beminnat” loyihasi doirasida beminnat xizmat koʻrsatgan oʻqituvchilar Azimboy Saparboyev, Xushnud Charshamov, Nafosat Tilovboyeva hamda partiya faoliyatida samarali mehnat qilgan faollarga faxriy yorliqlari va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Plenum soʻnggida kun tartibidagi masalalar toʻliq koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶