AYoL GOʻZALLIGI OLAMNI BEZADI
Ayol – goʻzallik timsoli, u – mehridaryo ona, hayotda yaxshi va yomon kundagi yoʻldosh va jonkuyar opa-singildir. Dunyo ular bilan charogʻon, yashash ham mazmunli.
“Ayol goʻzalligi olamni bezar” shiori ostida 46-sonli umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan tadbirda haqiqatdan ham ayolning olamni bezab turgan betakror goʻzalligi, mehr-muhabbati, faqat onajonlarimizga xos nazokati va latofati baralla namoyon qilindi.
Ayni paytda 691 nafar oʻgʻil-qiz taʼlim-tarbiya olayotgan mazkur ilm dargohida 70 nafar tajribali pedagog-murabbiylar faoliyat yuritishadi. Maktab oʻquvchilarining 365 nafari mamlakatimiz, tumanimiz kelajagi uchun masʼul, boʻlgʻusi onajon-qizlardir.
Moʻʼtabar onaxonlar, biri-biridan lobar opa-singillar, zevar qizlar sharafiga yuksak ehtirom koʻrsatilib, ularga gullar hadya etildi. Ayollarni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar ijro qilinib, eng dilbar raqslar opa-singillar uchun armugʻon qilindi. Davra toʻrida gulday yashnab oʻtirgan muhtarama onaxonlar, ustoz va murabbiy ayollar oʻz farzandlari tomonidan koʻrsatilayotgan hurmat va eʼtibordan mamnun boʻldilar.
Bayramona shukuh hukmron boʻlgan davra yanada kengdan olinib, maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Dilrabo Jumasheva hamda 6-sinf rahbari, qoraqalpoq tili fani oʻqituvchisi Gulxumor Ahmadovalar rahbarligida “Balli, qizlar!” tanlovi ham tashkil etildi. Tanlovda maktabning aʼlochi va jamoatchi oʻquvchilari Maqsuda Zarifboyeva, Nodira Aminboyeva, Barchinoy Chorshamova, Madina Chovdirova, Sevinchoy Yusufboyevalar 5 ta shart boʻyicha bellashib, oʻzlarining qobiliyatlarini, har ishga uquvliligi, mohirligini namoyish etishdi. Maktab oʻquvchilaridan Gulnora Hayitboyeva va Zilola Safarboyevalar mahorat bilan boshqargan mazkur tanlovda ishtirokchi qizlar zukkolik, donolik, sheʼrxonlik, kitobxonlik, pazandalik mahoratlarini juda chiroyli koʻrsata oldilar. Ayniqsa, biri-biridan qolishmay bahoriy taomlar, xushtaʼm salatlar tayyorlagan qizlarning pazandalik sanʼatlari tadbir ishtirokchilari tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.
Tadbirning eng qiziqarli bahslari toʻrtinchi va beshinchi shartlarda oʻz ifodasini topdi. Toʻrtinchi shartda ishtirokchi qizlar gulqogʻozlar yordamida onajonlar uchun rang-barang guldastalar tayyorlashgan boʻlsa, oxirgi beshinchi shartda oʻzlarining qanday qobiliyatga ega ekanliklarini adabiy-badiiy chiqishlari, biri-biridan goʻzal kuy-qoʻshiqlari, sheʼr va raqslari bilan namoyon qildilar.
Tadbir davomida 4“V”-sinf qizlari “Lola” qoʻshigʻiga raqs tushib, barchaga bahoriy kayfiyat ulashdilar. Maktabning 7“A”-sinf oʻquvchi-yoshlari tomonidan ijro etilgan “Onajon” qoʻshigʻi jozibali raqslar bilan barcha onajonlarga manzur boʻldi. Tadbirga yanada koʻrk va latofat bagʻishlagan 6“V”-sinf oʻquvchilari tomonidan ijro etilgan “Bahor” qoʻshigʻiga barcha shod-xurram raqsga tushdilar.
“Ayol goʻzalligi olamni bezar” shiori ostida oʻtkazilgan ushbu tadbir va “Balli, qizlar!” koʻrik-tanlovida ayolning goʻzalligi, nazokati va latofati hamda sabr-u matonati haqiqatdan ham olamga koʻrk-tarovat, osoyishtalik va xotirjamlik bagʻishlashi oʻz ifodasini topdi. Bu tadbir davomida barchaga xushnudlik baxsh etgan “Balli, qizlar!” koʻrik-tanlovi ishtirokchilari boʻlgan goʻzal qizlarning har bir xatti-harakatida, soʻzida, muomalasida yaqqol namoyon boʻldi. Tadbir yakunida “Balli, qizlar!” tanlovi gʻoliblariga maktab maʼmuriyati tomonidan faxriy yorliqlar taqdim etilib, sovgʻalar berildi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶