INShOLAR TANLOVI YaKUNLANDI
Shu yilning fevral oyida “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari orasida “Navroʻz umumxalq bayrami” mavzusida insholar tanlovi oʻtkazilishi eʼlon qilingan edi. Tumanimiz maktablariga gazetaning har bir soni muntazam ravishda yetkazib berilayotganliginiga qaramasdan chekka hududlardagi maktablarning birontasidan tanlovga insho yuborilmaganligi bizni hayratga soldi. Mazkur maktablarda darslar davomida insholar qay tarzda yozilayotganligi bizga nomaʼlum, biroq tanlov toʻgʻrisida xabardor boʻlgan oʻqituvchilarning oʻquvchilarini iqtidorini sinab koʻrishga jalb qilmasligi qanday baholanadi, bilmadik. Qolaversa, tanlovda qatnashish ixtiyoriydir.
Tanlovda qatnashish istagini bildirib, bizga oʻzlarining mazkur mavzudagi insholarini joʻnatgan maktab oʻquvchilariga oʻzlarimizning minnatdorchiligimizni bildiramiz. 40-sonli maktabning 8-sinf oʻquvchisi Dilnoza Bozorboyeva, 38-sonli maktabning 8-sinf oʻquvchilari Asaloy Shoniyozova, Dilorom Rajaboyeva, Goʻzal Ozodova, 10-sinf oʻquvchisi Nigora Yerdoshevalarning insholarini juda yaxshi yozilgan deb qabul qildik.
Til va adabiyot fani oʻqituvchilari yaxshi bilishadi, insho yozishda oldindan reja tuzish ijod qilishda asosiy rol oʻynaydi. Yaxshi reja tuzib, shu reja asosida mavzuni yoritib berish nur ustiga aʼlo nur boʻlishi tabiiy. Bizga oʻz insholarini yozib joʻnatgan Dilorom Rajabova, Goʻzal Ozodova, Asaloy Shoniyozovalar biz eʼlon qilganimizdan boshqa, yaʼni “Navroʻz – bahor bayrami” mavzusini tanlashgan. Holbuki, Navroʻz umumxalq bayrami ekanligiga koʻproq urgʻu berilishi kerak edi. Reja yoʻq, boʻlsa ham qoralama qogʻozda qolib ketgan boʻlishi mumkin.
Dilorom oʻz inshosida kirish qismini juda yaxshi boshlagan, qushlarning uchib kelishi, bahorda bayramlarning koʻpligi, milliy liboslar haqida chiroyli tasvirlar keltirgan. Insho ixcham xulosa bilan yakunlangan.
Goʻzal oʻz inshosida tabiat oʻygʻonishi, dehqonlarning dalada ish boshlashi, bolalar oʻyini, bayram munosabati bilan sumalak pishilishi, keksalarga hurmat koʻrsatilishi, yaxshi bayram kayfiyati, bularning barchasidan oʻrinli xulosa chiqarib inshoni yakunlashi bilan boshqalardan ajralib turadi.
Asaloy yozgan inshoning rejasi yoʻq, mavzu boshqa va juda qisqa tarzda yozilgani bilan u oʻzining kelajakda ravon yoza oladigan qalamkash boʻlishini koʻrsatib turibdi.
40-sonli maktabning 8-sinf oʻquvchisi Dilnoza Bozorboyeva insho mavzusini toʻgʻri tanlab, belgili reja asosida ijod qilgan. Uning, ayniqsa, milliy, tarixiy taom sumalak haqidagi bilimlari tahsinga loyiq. “Bir kuni bir ayol – deb yozadi u oʻz inshosida – farzandlariga nima ovqat qilib berishni bilmay qozondagi iliq suvga bugʻdoy solib qoʻydi. Tunda farishtalar kelib bugʻdoyni pishirib ketibdilar. Shunday qilib hozirgi kunda maʼlum va mashhur sumalak paydo boʻladi”.
Dilnozaning kelajakdagi ijodiy ishlarida barkamollik tilaymiz.
38-sonli maktabning 10-sinf oʻquvchisi Nigora Yerdoshevaning ijod mahsuli boʻlmish inshosida Navroʻz nima uchun umumxalq bayrami ekanligi aniq dalillar bilan bayon qilib berilgan. U oʻz inshosiga “Milliy urf-odat va anʼanalarimiz”, “Sumalak bahoriy taom”, “Navroʻz – yangilanish va yasharish bayramidir” shaklidagi ish rejasini tuzib shu asosda matn tayyorlagan. Insho orqali u milliy urf-odatlarimizni yaxshi bilishi, bahorning kelishi, tabiat uygʻonishi, yurtdoshlarimiz ichki dunyosini dildan his qilishi bilan boshqalardan ajralib turadi. Qolaversa, husnixat bobida ham oʻz tengqurlari orasida tengsiz ekanligi yaqqol sezilib turibdi.
Ijodiy kengash aʼzolari Nigora Yerdoshevaning yozgan inshosiga yuqori baho berdilar. U mazkur insho tanlovining gʻolibasi deb tan olindi.
“Jayxun ilhomlari” notijorat nodavlat tashkiloti.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶