Probatsiya nazoratidagi 4 nafar mahkum muddatidan ilgari ozod etildi
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli karantin joriy etilishi fuqarolarning sud muhokamalarida ishtirok etishiga, sud orqali himoyalanish huquqi amalga oshirilishiga ham taʼsir koʻrsatdi. Sudlarda fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari borasidagi ishlar tartibi oʻzgartirildi. Aholi oʻrtasidagi sayyor qabullar ham vaqtincha toʻxtatildi. Biroq sudlar tomonidan faqat kechiktirib boʻlmaydigan toifadagi ishlar koʻrilishda davom ettirilib, boshqa ishlarni koʻrish maʼlum muddatga qoldirildi.
Masofadan xizmat koʻrsatish, muhim ishlarni masofadan tashkil etish davom etayotgan shu kunlarda sudlar tomonidan ham joylarda odillik va insonparvarlik tamoyillarini qoʻllash yanada keng namoyon boʻlmoqda.
24-aprel kuni Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi binosining majlislar zalida tuman IIO Probatsiya guruhi nazoratidagi mahkumlarga doir ish yuzasidan sayyor sud majlisi oʻtkazildi. Unda Jinoyat ishlari boʻyicha Xoʻjayli tuman sudi raisi I.Allaniyazov, tuman prokurori yordamchisi Sanjar Yormuhammedov hamda tuman Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi katta inspektori Islom Jabbarberganovlar ishtirok etdi.
Sayyor sud majlisida dastlab odil sudlov borasidagi faoliyatni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi normalar milliy qonunchiligimizda oʻz aksini topganligi, inson, uning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishi kafolatlanganligi xususida soʻz yuritildi. Soʻzga chiqqanlar Jinoyat kodeksining 73-moddasida jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish normasi, 74-moddasida esa jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish normasi oʻz aksini topganligini taʼkidlab, mazkur qonun talablariga koʻra, jazodan ozod qilish yoki yengilrogʻi bilan almashtirish oʻrnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda boʻlgan hamda jazoning belgilangan qismini oʻtagan mahkumga nisbatan qoʻllanilishini ham aytib oʻtdilar.
Shundan soʻng, tuman IIO Probatsiya guruhi nazoratidagi ilgari giyohvandlik, qasddan badanga oʻrtacha va ogʻir darajadagi shikast yetkazish, valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish kabi jinoyatlarni sodir etib, oʻz jazosini oʻtayotgan 4 nafar mahkumga doir jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Mazkur jinoyat ishlari Probatsiya guruhi tomonidan berilgan taqdimnomalar asosida oʻrganildi. Sudda mahkumlarning shaxsiy yigʻma jildini oʻrganib chiqish jarayonida ular belgilangan jazo muddatining uchdan bir qismini oʻtab boʻlgani, tarbiyaviy ishlarda faol ishtirok etib, topshirilgan ishlarni vijdonan bajargani, muhimi, qilmishidan toʻgʻri xulosa chiqargani, uni jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalash mumkinligi haqidagi fikrlar inobatga olindi.
Sud yakuniga koʻra, muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun jazo oʻtayotgan 4 nafar mahkum muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinib, oilasi bagʻriga qaytarildi.
Sud qonunlarda belgilangan bagʻrikenglik va insonparvarlik meʼyorlariga koʻra mahkumlarning oʻrnatilgan tartib-qoida talablariga rioya qilib, mehnatga halol munosabatda boʻlganidan kelib chiqib, shunday toʻxtamga keldi. Shuningdek, ularning kelgusida hayotda toʻgʻri yoʻlga tushib olishi, jamiyatda oʻz oʻrinlarini topishida koʻmak berishlari uchun tegishli xizmatlar, mahalliy davlat hokimiyati idoralariga masʼuliyat yuklatilib, bu boʻyicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
O. Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶