MATBUOTNING ChINAKAM FIDOYILARI
Yurtimizda 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Har bir sohaning oʻz fidoyilari boʻlganidek, tumanimiz matbuotining jonkuyarlari, “ikki ustuni” – Oygul Rajabova hamda Robiya Yoʻldoshevalar nafaqat tumanda, balki butun Qoraqalpogʻistonda taniqli.
Aslida Oygul bilan Robiya mohiyatan hech qanday taʼrifga muhtoj ham emas. Chunki tumanimizda chop etilayotgan “Taraqqiyot koʻzgusi”, “Mening oilam” gazetalarida ularning maqolalari, hikoya, sheʼrlari, turli janrlardagi ijod namunalari chiqib turibdi, “Amudaryo televideniyesi”da esa koʻrsatuvlarga boshlovchilik qilishmoqda. Tumanimizda tugʻilib-oʻsgan 40 nafardan ziyod adiblar, olim-u shoir, yozuvchilar orasida bizga tanish ijodkorlar Oygul bilan Robiya ham bor. Hamkasblari va shogirdlari Oygul Rajabovaga “Talabchan ustoz, ishchan xodim”, Robiya Yoʻldoshevaga esa “Koʻngli daryo ustoz” deb taʼrif berishadi.
Oygul Rajabova va Robiya Yoʻldosheva Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlab, 1985-yilda tumandagi “Amudaryo haqiqati” gazetasida birga ish boshlashdi. Bu ikki tengdosh ijodkorning jurnalistika fakulteti oʻquv binosida bir-birlari bilan tanishganiga 40-yildan oshgan boʻlsa, birga ishlay boshlaganlariga 35-yildan oshdi.
Ular shu kungacha ahil, hamfikr boʻlib ishlab kelishmoqda. Ana shu ikki ustun mustahkamligi bois, tumanda ijodkorlarning ham, matbuotning ham xalq orasida obroʻsi baland.
Oygul Rajabova Toʻlqin ovulida, xizmatchi oilasida dunyoga keldi. Yosh jurnalistning yetuk mutaxassis boʻlib yetishishida oʻsha paytlardagi gazeta muharriri Gulnora Matyoqubova, tajribali jurnalistlar Saʼdulla Xoʻjaniyozov, Xonimjon Rajabovalarning hissalari katta boʻldi. Shuningdek, Robiya Yoʻldosheva, Mansur Ahmedov bilan birga ishlab ijod qilish Oygulning oʻz iqtidorini yuksaltirishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Oygul gazeta chop etishni rejalashtirish, matnlarni chuqur tahlil qilish bilan birga teran mushohadali maqolalari bilan ham gazetaning oʻqishli boʻlishiga hissa qoʻshdi. U respublikamiz miqyosidagi “Amu tongi”, “Hamroz” gazetalarida ham oʻz maqolalari bilan faol ishtirok etdi. “Amu tongi” gazetasining 10 yilligi munosabati bilan Oygul Rajabovaga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Faxriy yorligʻi topshirildi. U tarjima bobida ham qalam tebratib, atoqli adiblarning bir necha asarlarini qoraqalpoqchadan oʻzbekchaga tarjima qildi. Oygul samarali jurnalistik faoliyati uchun Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining, tuman hokimligining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20-yil” koʻkrak nishoni bilan ham mukofotlandi.
Uning sermahsul ijodiy faoliyati hali ham davom etib kelmoqda. Avval aytib oʻtganimdek, Oygulning fidoyiligini bugungi kunda butun tumanimiz respublikamiz xalqi yaxshi biladi.
Oygul Rajabova iqtidorli jurnalistgina emas, talabchan ustoz, samimiy kasbdosh. Obroʻli xonadon bekasi hamdir. U turmush oʻrtogʻi Maqsud Salayev bilan birgalikda ikki oʻgʻil, ikki qizni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Bugungi kunda Oygul izzatli qaynona, 7 nafar nevaraning suyukli buvisi hamdir.
Sermahsul jurnalist Robiya Yoʻldosheva esa Choykoʻl ovulida tavallud topdi. U ikkinchi sinfda oʻqib yurgan chogʻidayoq avval bolalar nashrlarida, keyinchalik tuman va respublika matbuotlarida oʻz ijodi bilan qatnasha boshladi. Mehnat faoliyatini tuman gazetasi tahririyatidan boshladi. Robiya oʻzining jurnalistik faoliyatida nafaqat tuman, balki respublika miqyosidagi matbuot nashrlarida bahs-munozarali, tanqidiy, publitsistik, badiiy jihatdan yetuk maqolalari, lavha, ocherklari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.
U 17-yil davomida tuman Xotin-qizlar qoʻmitasi qoshidagi ijodkor xotin-qizlar bilan ishlashish Kengashi raisi sifatida koʻplab yosh, iqtidorli qizlarning yetuk qalamkash boʻlib yetishishiga katta hissa qoʻshdi. Samarali ijodiy mehnati uchun u Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi faxriy yorligʻi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy Uyushmasi faxriy yorliqlari va “Amu tongi” gazetasining 10 yilligi munosabati bilan “Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Robiyaning “Sogʻindim”, “Amudaryo sabolari”, “Adashganlar” qissasi kabi sheʼrlar, dostonlar, kompozitsiya, hikoya va qissalar, “Qoʻsh sohil hayotining koʻzgusi” tarixiy-publitsistik toʻplamlari nashrdan chiqib, kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi.
Shoira tugʻilgan yerini, Vatanini sevadi. Shu muhabbat ruhida qalam tebratishdan charchamaydi. Robiya oʻz asarlari bilan barchaga baxt ulashadi, koʻngillarga zavq bagʻishlaydi, oʻzi esa boshqa ijodkorlarning sheʼrlaridagi kamchiliklarni toʻldirish, hikoyalarini gazetada chiqarish uchun hamisha qaynoq ish va tashvishga koʻmilib yuradi. Buning ustiga ishxonada ish, uyda roʻzgʻor tashvishlari, bola-lar tarbiyasi... Toʻy-maʼrakalarga borishga ham el katori ulgurish... oson emas!
Robiya Yoʻldosheva bugungi kunda ahil oila bekasi. Umr yoʻldoshi Rajabboy Yeshchanov har bir masalada unga koʻmakdosh, ular biri-biridan oʻqimishli 4 nafar oʻgʻil-qizning mehribon ota-onasi, nabiralarining qadrli buvisi, kelinlarning suyukli qaynonasi.
Jurnalist mehnati mahsulining bahosini xalq beradi. Bugungi kunda yurtimizda iqtidorli ijodkorlar ham, ularning zehnli muxlislari ham bisyor. Tumanimizda ham oʻziga xos ijodiy muhit yaratilgan, deb baralla ayta olamiz. Chunki ijod olamidagi ustunlar mustahkam boʻlsa, ularga munosib shogirdlar yetishib chiqaveradi.
Oʻrozali Reyimov.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶