KARANTIN QOIDALARIGA AMAL QILINISh HOLATI NAZORAT QILINMOQDA
Bugungi kunda butun dunyo aholisi koronavirus pandemiyasi bilan kurashmoqda. Hammaning eʼtibori kasallikdan saqlanish va uyda qolib, uni jilovlashga hissa qoʻshishga qaratilgan. Xoʻsh, shu maqsadda joriy etilgan karantin qoidalariga yurtdoshlarimiz qay tarzda amal qilmoqda?
Afsuski dunyo mamlakatlari qatori Oʻzbekistonda ham keyingi kunlarda koronavirus infektsiyasiga chalinganlar tobora koʻpayib bormoqda va qurbonlar soni ham oshmoqda. Mavjud holatni eʼtiborga olib, Respublika maxsus komissiyasi 13-iyuldan 1-avgustgacha butun malakatimizda karantin choralarini kuchaytirdi, koʻpgina faoliyat turlari, umumiy ovqatlanish shohobchalari, xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar, buyum bozorlari, jamoat transporti faoliyati toʻxtatildi. Shuningdek, fuqarolarning shaxsiy transport vositalaridan foydalanishlariga ham cheklov oʻrnatildi yaʼni ertalab 7 dan 10 gacha, kechqurun 17 dan 20 gacha ishga borish-kelish zarurati hisobga olingan holda ruxsat etildi.
Fuqarolarga esa jamoat joylariga iloji boricha bormaslik, zaruriyat yuzasidan koʻchaga chiqqanda tibbiy niqob taqib, qoʻlqop kiyish, sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish tavsiya etilib, bu tartibga boʻysunmaganlar oʻrnatilgan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortilishi belgilandi.
Afsuski, tumanimiz hududini kezsangiz – bu qoidalarga baʼzi yurtdoshlarimiz toʻla amal qilmayotganligiga guvoh boʻlasiz. Shuni unutmaslik kerakki, koronavirus infektsiyasidan hech kim butunlay himoyalangan emas, hech kim bu kasallik menga daxl qilmaydi, undan saqlanish borasidagi talablarning menga aloqasi yoʻq, deya olmaydi. Koʻzga koʻrinmas dushman tobora koʻproq hududlarni qamrab olayotgani hammamizga ayon.
Bu borada tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, tuman Tibbiyot birlashmasi shifokorlari tinimsiz targʻibot olib borishayapti, Milliy gvardiya, Ichki ishlar boʻlimi xodimlari nazorat tadbirlarini oʻtkazishayapti. Biroq karantin talablarini mensimayotganlar hamon uchrab turibdi.
Shu yilning 14-iyul kuni kunduzi va kechki vaqtlarda tuman Ichki ishlar boʻlimi Yoʻl patrul xizmati va Milliy gvardiya xodimlari hamkorlikda tumanimiz hududidagi markaziy koʻchalarda karantin cheklovlariga amal qilinishi yuzasidan nazorat reydini olib bordilar.
Maʼlumki, 2020-yildan 1-avgustgacha oʻrnatilgan karantin cheklovlariga koʻra, maxsus ruxsatnomalar yaʼni stikerlar asosida harakatlanadigan avtotransport vositalari hamda Respublika maxsus komissiyasining joriy yil 8-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Avtotrasnsport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnoma talab etilmaydigan holatlardan tashqari, barcha avtotransportlar sutkaning maʼlum vaqtidagina harakatlanishi lozim. Biroq nazorat tadbiri davomida barcha ham bu talabga boʻysunmayotgani ayon boʻldi.
Xususan, reyd davomida yoʻllarda harakatlanayotgan avtotransport vositalari toʻxtatilib, hujjatlari tekshirilganida avtomashinani hujjatsiz boshqarish, karantin qoidalari buzib, ruxsat etilmagan vaqtda avtotransport vositalarini boshqarish holatlari koʻplab qayd etildi.
Mazkur fuqarolarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, sutkaning belgilanmagan vaqtida shaxsiy avtomobilini boshqarib borayotgan bir necha shaxslar ogohlantirildi va bu boradagi qoidalar tushuntirildi. Shuni esdan chiqarmaslik lozimki, har qanday nazorat tadbiri barcha yoʻllarni qamrab ololmaydi. Biroq fuqarolarimiz bir narsani esdan tutishi lozimki, karantin qoidalariga amal qilish – har kimning oʻzi uchun, oʻz oila aʼzolari, yaqinlari koronavirusga chalinishining oldini olishi uchun zarur.
Shuning uchun barchamiz bu qoidalarga birdek boʻysunib, ayovsiz dushman – koronavirusni birgalikda yengishga intilmogʻimiz lozim.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶