Sud sohasidagi islohotlar inson manfaatlariga xizmat qiladi
Bugungi kunda mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi oʻz navbatida odil sudlovni taʼminlash bilan birgalikda, sudlar tomonidan qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilinishida koʻrinadi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.
Xususan, nohaq ayblangan 2,3 mingga yaqin kishi oqlandi, adashib jinoyat yoʻliga kirib qolgani sababli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinishi mumkin boʻlgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga mahalla va jamoatchilik kafilliklari asosida yengilroq jazolar tayinlanib, oʻz oilalari bagʻrida qoldirildi, inson huquqlari qoʻpol tarzda buzgan 60 nafar huquq-tartibot organi xodimlari jinoiy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, bugungi kunga qadar sudlar faoliyatini tashkil qilish, sohada tashkiliy-huquqiy islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan jami 350 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Biroq, tizimli ravishda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlariga muvofiq ravishda mazkur qonun hujjatlarini ham qayta koʻrib chiqilishi maqsadga muvofiq. Zero, Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu haqda taʼkidlab oʻtganlaridek: «Sud-huquq sohasiga doir asosiy qonun va kodekslar bundan deyarli 20-25-yil oldin qabul qilingan boʻlib, hozirgi davr talablariga javob bermaydi».
Qayd etilganlardan kelib chiqib hamda fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda koʻrish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda taʼminlash mexanizmlarini kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Pespublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmonning muhim jihati shundaki, unga koʻra sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish. Oʻzbekiston Pespublikasi Prezidentining ushbu Farmonida sud-huquq sohasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan bir nechta ustuvor vazifalar aks etgan boʻlib, ulardan mamlakatimiz sud tizimidagi quyidagi tashkiliy oʻzgarishlarni izohlab oʻtamiz.
Farmonda koʻrsatib oʻtilganidek, vakolatli subʼektlar tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasiga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Pespublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiktsiya sudlarini tashkil etiladi. Ahamiyatlisi, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazilishi belgilandi.
Farmonga koʻra, Qoraqalpogʻiston Pespublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari saqlab qolingan holda, maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Pespublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlarini tugatiladi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, qayd etilganlarga koʻra sud tizimining ixtisoslashuvi, sudlar faoliyatining tizimli ravishda amalga oshirilishi, odil sudlovni taʼminlashda hamda ishlarni sudlarda koʻrish sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
A. Abdikarimov, Jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyasi.
S.PDavletmurodov, Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶