SOLIQ IMTIYoZLARI TADBIRKORLARGA MADAD BOʻLMOQDA
Mamlakatimizda koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan karantin cheklovlariga koʻra koʻpgina sohalar faoliyati toʻxtatib qoʻyilgan edi. Natijada umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subʼektlari vaqtincha daromadidan ayrildilar. Biroq sanitariya-epidemilogik vaziyat yaxshilanishi natijasida karantin qoidalari yumshatilib, umumiy ovqatlanish shoxobchalariga belgilangan tartib-taomillar asosida ish boshlashiga ruxsat berildi.
Muhtaram Yurtboshimizning “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik subʼektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi shu yil 20-iyulda qabul qilgan Farmoniga asosan koronavirus pandemiyasi davrida aholini, ayniqsa, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasidagi tadbirkorlik suʼbektlarini koʻshimcha ravishda qoʻllab-quvvatlash, ularning daromadlarini taʼminlash, ushbu subʼektlarni jadal qayta tiklash, shuningdek ish oʻrinlarini saqlab qolish maqsadida soliq imtiyozlari berildi.
Xususan, Farmonga muvofiq 2020-yil 1-iyuldan 2020-yilning 31-dekabriga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari hamda binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar aylanmadan olinadigan soliqdan ozod etildi.
Umumiy ovqatlanish korxonalariga alkogol mahsulotlarini yetkazib berish orqali sotish huquqi berildi.
Farmonga muvofiq joriy etilgan soliq imtiyozlari va shart-sharoitlar pandemiya davrida daromad topmagan umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlik subʼektlari uchun ulkan madad boʻldi, deyish mumkin.
“Oʻrinboy Sodiq” oilaviy korxonasi 2013-yil 23-may kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Oilaviy korxona asosan umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritadi. Rahbar Rahimboy Jumaniyozov ham pandemiya davrida korxonasi faoliyat koʻrsatmaganligi uchun soliqlar toʻlashda muammolarga duch keldi. Biroq ayni kunda Prezidentimizning Farmoniga koʻra, joriy etilgan soliq imtiyozlari, yaratilayotgan imkoniyatlar korxonaning yana toʻla quvvatda ishlay boshlashiga zamin boʻldi.
Umumiy ovqatlanish korxonasi, yaʼni oshxona faoliyatini amalga oshiruvchi “Viktoriya Xolding” masʼuliyati cheklangan jamiyati mehnat jamoasi ham mamlakatimizda pandemiya davrida tadbirkorlik subʼektlarining oʻz faoliyatlarini qayta yoʻlga qoʻyib, munosib daromad topishlari uchun qilinayotgan gʻamxoʻrliklardan xursand. Boisi Mangʻit shahrining Qipchoq koʻchasida joylashgan Malohat Nurmanova rahbarlik qilayotgan ushbu korxonada koʻplab yoshlar mehnat qilib, maosh olishadi. Soliqlar borasida joriy etilgan imtiyozlar korxona daromadi yuqori boʻlishini va ishchi oʻrinlari saqlanib qolishiga zamin boʻldi.
Mangʻit shahrining Berdaq koʻchasida joylashgan “Mangit Chuzma Lagʻmonlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati 2011-yildan beri umumiy ovqatlanish korxonasi faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.
Bu borada korxona rahbari Zafar Qodirov oʻziga xos tajriba va malakaga ega boʻlsa-da, pandemiya davrida ishchi oʻrinlarini qanday saqlab qolish yuzasidan oʻylanib qoldi. Axir soliqlar, ish haqlari oʻz vaqtida hisob-kitob qilib borilishi ham kerak-da. U karantin choralari yumshatilib, faoliyatiga ruxsat berilgani, soliqdan imtiyozlar joriy etilib, faoliyati qoʻllab-quvvatlanayotganidan juda xursandligini sifatli xizmat koʻrsatish orqali ifoda etmoqda.
Ha, mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi davrida aholini, ayniqsa, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasida tadbirkorlik subʼektlarini qoʻshimcha ravishda qoʻllab-quvvatlash, ularning daromad topishlarini taʼminlash borasidagi gʻamxoʻrliklar oʻzining quvonarli natijalarini berayotir.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶