KADASTR SOHASIDAGI OʻZGARTIRIShLARDAN XABARDORMISIZ?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» 2020-yil 31-yanvardagi PF-5930-son Farmoniga muvofiq kadastr sohasida davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentyabrdagi “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 535-son qarori qabul qilindi.
Qarorning 1-ilovasiga yaʼni “Koʻchmas mulk obʼektiga kadastr pasportini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti”ning 3- va 4-bandlarida, kadastr pasportining shakllari koʻp kvartirali uydagi turar joyning kadastr pasporti, yakka tartibdagi turar joyning kadastr pasporti, noturar joy toifasidagi koʻchmas mulk obʼektining kadastr pasporti, yer uchastkasining kadastr pasporti, qurilishi tugallanmagan obʼektning kadastr pasporti kabi turlar boʻyicha belgilanadi. Shuningdek, koʻchmas mulk obʼektiga kadastr pasporti rasmiylashtiriladi yoki qayta rasmiylashtiriladi. Jumladan, koʻchmas mulk obʼekti boʻyicha birlamchi xatlov ishlari bajarilganda, koʻchmas mulk obʼektining bir qismi begonalashtirilganda yoki yer uchastkasi alohida boʻlinganda, bunda ikki qismga alohida kadastr pasporti shakllantiriladi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari xususiylashtirilgandan soʻng, ularning bir qismiga boʻlgan huquq boshqa shaxsga oʻtganda, yer uchastkasining maydoni yoki chegara nuqtalari oʻzgarganda, koʻchmas mulk obʼektining manzilini belgilashda yoki oʻzgartirishda, koʻchmas mulk obʼektining toifasi oʻzgarganda, oʻz yer uchastkasida tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirmasdan qurilgan bino va inshootlar mavjud boʻlganda kadastr pasporti shakllantiriladi.
Koʻchmas mulk toifalari va ularga kadastr pasporti beriladigan holatlari keltirilgan. Reglamentnig 16-bandiga koʻra, kadastr pasportini tayyorlash obʼektning murakkabligiga qarab amalga oshiriladi. Yaʼni, koʻchmas mulk obʼektlarining turar joyga oid qismi boʻyicha belgilanganda koʻp kvartirali uydagi kvartira — 3 ish kunigacha, yakka tartibdagi turar joy — 5 ish kunigacha muddat belgilanadi.
Koʻchmas mulk obʼektlarining noturar joyga oid qismi boʻyicha umumiy maydoni 100 kv.m. gacha — 5 ish kunigacha, umumiy maydoni 100 kv.m dan 1 000 kv.m. gacha — 7 ish kunigacha, umumiy maydoni 1 000 kv.m dan 5 000 kv.m. gacha — 10 ish kunigacha, umumiy maydoni 5 000 kv.m dan 15 000 kv.m. gacha — 15 ish kunigacha, umumiy maydoni 15 000 kv.m dan 50 000 kv.m gacha — 20 ish kunigacha, umumiy maydoni 50 000 kv.m dan ortiq — 25 ish kunigacha, ajratilgan yer uchastkalari boʻyicha esa — 3 ish kunigacha amalga oshiriladi.
Murakkabligiga koʻra yuqoridagi sezilarli darajada qisqartirilgan muddatlar belgilanganligi va undan tashqari kadastr (yigʻmajildi) pasporti yoʻqolganda (yaroqsiz holga kelganda), qogʻoz yoki plastik shaklda yangi kadastr pasporti ikki ish kuni mobaynida berilishi belgilangan.
Qarordagi 5-ilovaning “Fuqarolarning nomida shaxsiy turar joy mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidaga maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti”ning 8-bandiga koʻra, davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Davlat xizmati koʻrsatilishi uchun YaIDXP orqali murojaat etilganda yigʻim summasining 90 foizi undiriladi. Oldingi tartibdagi xizmat narxiga yaʼni BHM ning 20 foizi 44 600 soʻm oʻrniga har bir shaxs uchun BHM ning 3 foizi 6 690 soʻm qilib belgilangani xizmatdan foydalanuvchilarning hamyoniga sezilarli yengillik boʻlgan boʻlsa, reglamentning 13-bandiga koʻra, markaz soʻrovnoma tushgan va toʻlov amalga oshirilgan vaqtdan boshlab, uch ish kuni mobaynida QR-kod (shtrixli kod) qoʻyilgan maʼlumotnomani rasmiylashtiradi va Davlat xizmatlari markazlariga yoki davlat organlariga murojaat etgan taqdirda yoxud ariza beruvchiga elektron shaklda murojaat etgan taqdirda YaIDXP orqali yuboriladi.
Xizmat muddati 3 ish kuniga tushirilgani foydalanuvchilarga vaqtini tejashga xizmat qilmoqda.
Davlat xizmatlari agentligi fuqarolarga davlat xizmatlari sohasida yengillik beruvchi yangiliklarni yaratishdan charchamaydi.
B.Qadamov, tuman Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶