SOVChIGA ZULM QILINDI VA... ZULMKORNI KEChIRIShDI
Xalqimizda “elchiga oʻlim, sovchiga zulm yoʻq”, degan hikmat bor. Haqiqatan ham elchi xalqlar, millatlar tinchligini oʻylab vositachilik qilgani uchun unga oʻlim ravo koʻrilmaydi. Sovchi esa... Uning ham maqsadi yaxshilik yoʻlida vositachilik qilishdir. Shuning uchun ham bir oila bilan ikkinchi oila oʻrtasida qarindoshlik rishtalarini bogʻlashga harakat qilgani, niyati yaxshilik va xolis boʻlgani uchun unga zulm qilinmaydi.
Sovchiga zulm – oila qadriyatlariga, insonlar osoyishtaligiga qilingan zulm hisoblanadi. Afsuski, baʼzan odamlar orasida ana shu azaliy qadriyatlarga amal qilmaslik oqibatida koʻngilsiz holatlar sodir boʻlmoqda.
Tumanimiz mahallalaridan birida istiqomat qiluvchi Bahodir Odamboyev (ism-sharifi oʻzgartirildi)ning xonadoni eshigidan yaxshi niyat bilan kirib kelgan sovchi Azima Yodgorova (ism-sharifi oʻzgartirildi)ni, avvaliga yaxshi kutib oldi. Oldindagi rejalar, toʻy tadoriklari haqida gaplashib oʻtirishdi. Nima boʻldi-yu, Azimaning bir gapi Bahodirga maʼqul kelmay, ikkalasining tortishuvi oʻzaro hurmatsizlik, haqoratga, rostmana janjalga aylandi. Bir gapiga oʻn gapni qatorlashtirib tashlayotganidan jahli chiqqan Bahodir oʻzini tutolmay Azimaga qoʻl koʻtardi. Tobora “jagʻi ochilib” ketgan Azimani avval urdi, soʻng tepkiladi. Sovchiga qilingan zulm Azimaning sogʻligiga oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetkazilishgacha borib yetdi. Oqibatida esa... ular sudlashdilar.
Ushbu ish Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudida koʻrilishidan avval jabrlanuvchi Azima Yodgorova, uning qonuniy vakili va sudlanuvchi Bahodir Odamboyevlar yarashganligi munosabati bilan ish yuritilishini tugatish boʻyicha sudga ariza taqdim qilgani hamda sudlanuvchi Bahodir Odamboyev bilan uning qonuniy vakili tomonidan ham aynan shu mazmunda sudga ariza kelib tushgani tufayli ish boʻyicha toʻplangan barcha hujjatlar atroflicha oʻrganilib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan tomonlarning yarashganligi sababli ish harakatdan tugatildi. Lekin ...
Lekin ming afsuski, garchi ular yarashgan boʻlsalar-da, birining qiziqqonligi, yana birining tili yugurikligi sababli quda-qudagʻaylar amal qiladigan oʻzaro hurmat, oila deb atalgan muqaddas tushunchaga eʼtibor va qadr-qimmat chegaralari buzildi. Azaliy qadriyatlarga putur yetdi, sovchiga zulm qilindi. Ilk marta farishtalar ochgan eshik ortidan qattiq yopildi, oʻrtadagi samimiyat choʻgʻi oʻchdi. Shuning uchun aytadilar-da, sovchilik masalasida erkaklar bosiq, ayollar mulohazali boʻlgan joyda yaxshilik daraxti boʻy tiklaydi, meva beradi, deb.
S.DAVLETMURODOV,
Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶