NOYaBR OYINING IKKINChI OʻN KUNLIGIDA QIZIL YaRIM OY JAMIYaTI JAMGʻARMASIGA XAYRIYa MABLAGʻLARI TOʻPLASh OʻN KUNLIGI OʻTKAZILADI
Davlat hokimiyati va mahalliy oʻz-oʻzini boshqaruv organlariga gumanitar va ijtimoiy sohalarda ixtiyoriy tarzda koʻmaklashish, millati, dini, jinsidan qatʼiy nazar, har bir shaxsning dardini yengillashtirish, ijtimoiy himoya qilish, aholining eng nochor qatlamlariga, jumladan, tabiiy va ekologik ofatlar, texnogen falokatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda vaziyatlarda xayriya va muruvvat yordami koʻrsatish, aholini insonparvarlik, mehr-oqibat hamda xalqaro “Qizil Yarim Oy” jamiyati harakati tamoyillari ruhida tarbiyalash, ularni jamiyatning insonparvarlik harakatiga jalb qilish maqsadida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Qizil Yarim oy jamiyati mamlakatimiz hayotida oʻziga xos nufuzga ega.
Jamiyat yolgʻiz qariyalar, mehnatga layoqatsiz shaxslar, Ikkinchi jahon urushi faxriylari, ijtimoiy kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlar, ota-onasiz yetim qolgan bolalarga gumanitar, tibbiy yordam koʻrsatishda, ularni parvarishlashda, ijtimoiy-gumanitar xizmatlar koʻrsatishda koʻpgina savobli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Shu boisdan ham mamlakatimiz boʻylab har yili noyabr oyining ikkinchi oʻn kunligida Oʻzbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati hisob raqamiga mablagʻ toʻplash xayriya oʻn kunligi oʻtkaziladi.
Tumanimizda ham Qizil Yarim oy jamiyati tuman tashkilotining hisob raqamiga mablagʻ toʻplash xayriya oʻn kunligini uyushqoqlik bilan oʻtkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari boshlanib ketdi.
Oʻn kunlikni uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida xar yilgidek tuman hokimining farmoyishi qabul qilinib, ushbu farmoyishga muvofiq xayriya oʻn kunligini oʻtkazishda jamiyatning tuman boʻlimiga koʻmaklashuvchi ishchi guruh tuziladi. Ishchi guruh aʼzolari ayni kunlarda tumandagi korxona, tashkilot, muassasalarda xayriya oʻn kunligining ahamiyati haqida keng targʻibot ishlarini olib bormoqdalar va xayriya mablagʻlarini toʻplashga amaliy yordam koʻrsatishmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, baʼzi fuqarolar Oʻzbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati faoliyati faqat tibbiyot xodimlariga aloqador, deb hisoblashadi. Aksincha, jamiyat hisob raqamiga xayriya oʻn kunligida yigʻilgan mablagʻ tumandagi eng mutoj oilalar, shuningdek, yolgʻiz keksalar va nogironlarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishga sarflanadi.
Qadrli yurtdoshlar, savobli ishga hissa qoʻshish har birimizning burchimiz ekanligini doimo yodda tutishimiz lozim. Zero, xayr-saxovat inson uchun eng ezgu amaldir.
Ibodulla Nurimbetov, Qizil Yarim Oy jamiyati tuman boʻlimi ijrochi direktori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶