TEZLIKNI MEʼYoRDAN OShIRISh – BIR FUQARONING TAN JAROHATI OLIShIGA SABAB BOʻLDI
Yoʻl tasodiflarga toʻla deymiz-u aslida ushbu tasodiflar sababchisi odamlarning oʻzlari ekanligini oʻylab ham koʻrmaymiz. Ostona xatlab koʻchaga chiqqan odam xoh ulovda, xoh piyoda boʻlsin, yoʻl harakati qoidalariga amal qilsa, oʻzining ham, oʻzgalarning ham xavfsizligini qaygʻursa, ehtimol bu tasodiflar biroz kamayarmidi?
Afsuski, oʻzimizda ishlab chiqarilgan yangi rusumdagi avtomashina egasi boʻlgan Anvar Tursunov (ism, familiya oʻzgartirildi) bu haqda oʻylab ham koʻrmadi, yangi mashinani yuqori tezlikda boshqarib borayotib, bir begunoh fuqaroni avtomashinasining old tomoni bilan urib yubordi va yoʻl-transport hodisasini sodir qildi. Natijada oʻsha fuqaro tan jarohati olib, kasalxonada davolanishga majbur boʻldi.
Bu harakatlari bilan Anvar Tursunov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabr kungi 370-son qarori bilan tasdiqlanib, 2016-yil 1-martdan amalga kiritilgan «Yoʻl harakati qoidalari»ning 11-bandining, 2-kichik bandi, 77-bandi va ushbu bandning 3-qismi talablarini qoʻpol ravishda buzganlikda ayblandi. Hodisa jabrlanuvchisi ogʻir tan jarohati oldi. Ushbu holat yuzasidan tayinlangan sudga oid avtotexnika ekspertizasining 327-sonli xulosasiga koʻra, transport vositasini tormozlash yoʻli bilan yoʻl-transport hodisasining oldini olish texnik imkoniyati boʻlgan holda haydovchi bunga erishmagan. Natijada u Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida ishga jalb qilindi.
Yaqinda Anvar Tursunov qarshisiga qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi u yashaydigan mahalla fuqarolar yigʻini maʼmuriy binosida yigʻin masʼul xodimlari, aholi ishtirokida Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudining sud majlisida keng muhokama etildi.
Sud hayʼati gumon qilinuvchi va jabrlanuvchining, mahalla faollarining soʻzlarini eshitib, prokurorning fikrini tinglab, ish materiallari bilan chuqur tanishib chiqib, tomonlar tegishli tartibda yarashganligi munosabati bilan ishni harakatdan toʻxtatish yuzasidan qaror qabul qildi. Bu – Anvar Tursunovga bir umrlik saboq boʻldi.
S.Davletmurodov, Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶