MANGʻIT DEHQON BOZORIDA OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI YaRMARKASI TAShKIL ETILDI
Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi tumanimizdagi bozorlarda ham toʻkin-sochinlik. Mahsulot turlari va sifati, narxlari ham hamyonbop. Yaʼni odatdagi kunlardagidan ancha arzon. Oilasi, farzandlari davrasida Yangi yil bayramini xushchaqlik bilan oʻtkazish niyatida oziq-ovqat mahsulotlari, mevalar xarid qilish uchun bozorlarga tashrif buyurgan fuqarolar quvona-quvona kerakli xaridini qilib ketishayapti. Ayniqsa, Mangʻit dehqon bozori oldidagi yarmarka savdolaridan barcha xursand. Boisi – yaratilgan bu qulayliklar, arzonchiliklar ortida davlatimizning fuqarolarga gʻamxoʻrligi mujassam. Shunisi eʼtiborliki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-dekabrdagi “Yangi yil bayrami arafasida va bayram kunlari ichki isteʼmol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli toʻldirish va narx-navolarning barqaror saqlanishini taʼminlash maqsadida hududlarda yangi yil yarmarka savdolarini tashkil etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 03/1-2623-sonli yigʻilish bayoni topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida respublikaning barcha viloyatlari yirik shaharlarida va barcha tumanlar markazlarida joriy yilning 20-dekabridan 2021-yil 10-yanvariga qadar ijtimoiy muhim turdagi oziq- ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi yarkalarkalar tashkil qilingan.
Yigʻilish bayoniga muvofiq Yangi yil savdo yarmarkalarini samarali tashkil etish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tuzildi, yarmarka rastalariga yetkazib beriladigan mahsulotlar turlarining namunaviy roʻyxati belgilandi.
Ushbu yarmarkalarga tadbirkorlik subʼektlarni jalb etishga viloyatlar, tuman, shahar hokimliklari bevosita masʼul hisoblanadi.
Bu borada tumanimizda olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida Mangʻit Dehqon bozorida ham oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi 20-dekabrdan oʻz faoliyatini boshladi. Hozirgi kunda ushbu yarmarkada goʻsht, tuxum, tovuq goʻshti, guruch, shakar, un, un mahsulotlari, mevalar va sabzavotlar odatdagi bozor narxidan ancha arzon sotilmoqda.

Shunisi eʼtiborlikki, yangi yil bayrami arafasida bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxining sunʼiy ravishda oshib ketishining oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan bu tadbirning ahamiyatini barcha yurtdoshlarimiz sidqidildan his qilmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasidan sifatli va hamyonbop mahsulotlarni quvona-quvona xarid qilmoqda. Narxlarning barqarorligi Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tuman boʻlimi tomonidan muntazam nazorat qilinmoqda.
Yangi yil! Bu bayramni barcha yoshdagi odamlar oʻzgacha quvonch, ezgu orzular ogʻushida qarshi oladi, toʻkin dasturxon atrofida kirib kelayotgan yilning xayrli boʻlishini, el tinch-omonligini tilab duolar qilinadi. Oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari yurtdoshlarimizning bayram quvonchiga quvonch qoʻshishi aniq. Yarmarka faoliyati 2021-yilning 10-yanvarigacha davom etadi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶