VATANPARVARLIK OYLIGI DOIRASIDA HARBIYLAR VA OʻQUVChI-YoShLAR UChRAShUVI OʻTKAZILDI
Vatan himoyachilarini sharaflash, ularga ehtirom koʻrsatish, qolaversa, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va burchga sadoqat, yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻularini mustahkamlash maqsadida yurtimizda 2020-yil 15-dekabridan 2021-yilning 15-yanvariga qadar “Vatanparvarlik oyligi” eʼlon qilinib, turli tadbirlar oʻtkazildi. Jumladan, tumanimizda ham “Kim Vatanga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha” shiori ostida aholi va yoshlar oʻrtasida turli tadbirlar, uchrashuvlar, jangovar harbiy texnikalar koʻrgazmalari tashkillashtirildi.
Oylik doirasida Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qism, Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi hamkorligida 31-sonli maktabda tashkil etilgan navbatdagi tadbirda tumandagi umumtaʼlim maktablarning oʻquvchi-yoshlari uchun harbiy texnikalar va qurol-aslahalardan koʻrgazma namoyish qilindi. Koʻrgazma namoyishi davomida yoshlar harbiy texnikalar va qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishtirilib, harbiylar hayotiga oid qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Tadbirga tashrif buyurgan tumandagi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlariga qarashli 9202 harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Sanjar Toshmatov, mayor Elyor Joʻraboyev, serjant Otabek Mahmudov va boshqa bir qator harbiy xizmatchilar yoshlar bilan davra suhbatini oʻtkazdilar.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi ushbu tadbirni 31-sonli maktab direktori oʻrinbosari Dilbar Oʻrozaliyeva ochib berdi. U oʻz soʻzida yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga yetkazish hamda yoshlarda mamlakatimiz kelajagi uchun fuqarolik maʼsuliyatini oshirishda bu kabi tadbirlarning ahamiyati toʻgʻrisida atroflicha toʻxtalib oʻtdi. Yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini himoya qilishga qodir gʻoyat qudratli Milliy armiyamiz shakllanganligi, bugungi kunda harbiy sohaga qaratilayotgan eʼtibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar xususida yoshlarga tushunchalar berdi. Ushbu ahamiyatli tadbirni tashkil etgan hamkor tashkilotlarga minnatdorchilik bildirib, barchani bayram bilan tabrikladi.
Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlariga qarashli 9202 harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Sanjar Toshmatov ham soʻzga chiqib, mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, Vatanimizning harbiy salohiyati haqida oʻquvchi-yoshlarga keng tushunchalar berdi. Ayniqsa, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy muhofaza qilish, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilayotgani, davlatimiz tomonidan harbiylarga koʻrsatilayotgan bunday gʻamxoʻrliklar chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va farovon hayotini taʼminlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi. Mayor Elyor Joʻraboyev esa bugungi kunda harbiy soha nufuzi ortayotgani, oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqish, Vatan himoyachisi boʻlmoqdek ezgu niyatni diliga tukkan vatanparvar yoshlar safi koʻpayib borayotgani haqida faxr bilan soʻzladi.
Shundan soʻng, harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi. Harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish qilingan harbiy mashqlar, koʻrgazmali chiqishlar yoshlarning Qurolli Kuchlarimiz haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi. Vatanparvarlik oyligi doirasida oʻtkazilgan mazkur tadbir barcha oʻquvchilar qalbida Milliy armiyamizdan faxrlanish hissini uygʻotib, Vatanga muhabbat, burchga sadoqat tuygʻularini mustahkamladi.
O. Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶