MUQADDAM SUDLANGAN FUQAROLARGA NISBATAN MAʼMURIY NAZORAT OʻRNATILDI
Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, qator islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, shaxs huquqlari himoyasiga alohida eʼtibor qaratildi. Insonparvarlik, adolat va qonun ustuvorligi singari printsiplar sud-huquq tizimini isloh qilish hamda maʼmuriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish sohasida amalga oshirilgan ishlarda oʻzining amaliy ifodasini topdi.
Taʼkidlash joizki, sud tomonidan jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat oʻrnatilishi, maʼlum cheklovlardan iborat tarbiyaviy taʼsir chorasini qoʻllash natijasida qayta jinoyat sodir etilishining oldi olinmoqda. Mazkur toifadagi shaxslar bilan yakka tartibdagi profilaktik tadbirlar oʻtkazilib, hayotda toʻgʻri yoʻl topishlariga koʻmaklashilmoqda.
Shu yil 20-21-yanvar kunlari tuman Ichki ishlar boʻlimi hamda Choykoʻl, Oʻrta Qalʼa ovullari fuqarolar yigʻini binolarida ana shunday toifadagi, yaʼni jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarga maʼmuriy nazorat oʻrnatish maqsadida sayyor sud majlislari oʻtkazildi. Sayyor sudda tuman Ichki ishlar boʻlimining huquqbuzarliklar profilaktika boʻlinmasida hisobda turgan muqaddam sudlangan fuqarolarga nisbatan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisidagi taqdimnomalariga doir ish materiallari koʻrib chiqildi.
Sud majlisida Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tumani sudi raisi Sultonmurod Davletmurodov, tuman prokurori oʻrinbosari Rahmon Sankiboyev va tuman Ichki ishlar boʻlimining huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi boshligʻi Orifjon Qosimovlar ishtirok etdilar. Sud tomonidan muqaddam sudlanib, endilikda ozodlikka chiqqan shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat oʻrnatish masalasini koʻrib chiqish yuzasidan oʻtkazilgan mazkur sud majlislarida fuqarolar yigʻinlari masʼullari ham qatnashdilar.
Sud majlislarida Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tumani sudi raisi Sultonmurod Davletmurodov Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yildagi «Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida»gi Qonunida belgilangan tartibga koʻra qanday shaxslarga nisbatan maʼmuriy nazorat oʻrnatilishi toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Shuningdek, maʼmuriy nazorat shaxsning sudlanganlik holatining tugatilishi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi muddatlari doirasida oʻrnatilishini aytib oʻtdi.
Qonunga koʻra, sud tomonidan oʻta xavfli retsidivist deb topilgan, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan, har qanday qasddan qilingan jinoyatlar uchun ikki yoki undan ortiq marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxslarga nisbatan maʼmuriy nazorat oʻrnatish chorasi qoʻllaniladi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga binoan ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat hisoblanadigan qilmishlarni sodir etganlik uchun boshqa davlat hududida ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni oʻtaganlarga oʻrnatiladi.
Majlislarda tuman hududida yashab, muqaddam jinoyat sodir qilganligi uchun boshqa davlat hududida ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni oʻtab kelgan ushbu shaxslar endilikda tegishli muddatgacha muntazam nazorat ostida boʻlishi taʼkidlandi. Qayta jinoyat sodir qilinishining oldini olish maqsadida ular bilan har oy ikki marta yakka tartibda profilaktik ishlar olib borilishi maʼlum qilinib, nazorat ostidagi shaxsga nisbatan qoʻllaniladigan cheklov choralari tushuntirildi.
Muqaddam jinoyat sodir qilganligi uchun boshqa davlat hududida ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni oʻtab kelgan shaxslarga nisbatan maʼmuriy nazorat oʻrnatish yuzasidan sud majlisi sayyor tarzda Qilichboy ovulida ham oʻtkazildi.
Orifjon Qosimov, tuman IIB HPB boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶