Yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi
Yoshlarning bandligini taʼminlash, muammo va takliflarini oʻrganish, qoʻllab-quvvatlash hamda ularga munosib shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida muntazam ravishda uchrashuvlar oʻtkazib kelinmoqda. Oʻtgan yilning 25-dekabr kuni mamlakatimizda ilk bora oʻtkazilgan “Yoshlar forumi”da Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, Uchinchi Renessansni barpo qilish uchun sharoitlar yaratish, yosh volontyorlar faoliyati, yoshlar bilan ishlash boʻyicha Toshkent tajribasi, «Yoshlar: 1+1» dasturi, Yoshlar kichik sanoat zonalari, «Yoshlar murojaati» elektron platformasi va bu borada amalga oshiriladigan ishlarga toʻxtalgan edi.
Ushbu munosabat bilan Amudaryo tumaniga Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi boshligʻi Abat Daniyorov tashrif buyurdi. Tashrif davomida mehmonlar tumanda yangidan barpo etilayotgan “Yoshlar mehnat guzari”ni koʻzdan kechirib, uning qurilish jarayonini hamda u yerda yoshlarga yaratilayotgan shart-sharaoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Shundan keyin tuman hokimligi majlislar xonasida 4 ta sektor rahbarlar hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Yoshlar daftari”ni yuritish, ushbu daftarga kiritilgan yoshlarni ish bilan taʼminlab, turmushini yaxshilash, faolligini oshirish yuzasidan suhbat oʻtkazildi.
Har bir yoshga 1 gektar loyihasi, «Yoshlar: 1+1» dasturi, Yoshlar kichik sanoat zonalari, «Yoshlar murojaati» elektron platformasi, yoshlar bilan ishlash boʻyicha Toshkent tajribasini qoʻllash boʻyicha hamkor tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda tadbirlar rejasini kelishib oldilar. Bundan tashqari, umumiy oʻrta taʼlim maktablari boshlangʻich tashkilotlari yetakchilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida «Yoshlar: 1+1» dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitishni tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Yigʻilishda «Har bir tadbirkor-yoshlarga madadkor» tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshni biriktirish tashabbusi koʻplab tadbirkorlarimiz tomonidan faol qoʻllab-quvvatlandi. «Hunarli kishi xor boʻlmas», deydi dono xalqimiz. Ammo keyingi paytlarda yoshlarning mohir hunarmandlar qoʻlida kasb-hunar oʻrganishiga yetarli eʼtibor berilmayotgan edi. Vaholanki, ustoz koʻrgan oʻgʻil-qizlarimiz ular munosib boʻlishga intiladi, ularning koʻmagi bilan hayotda oʻz oʻrnini topadi. Shu bois, hududlarda «ustoz-shogird» anʼanasini kuchaytirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu ishga jalb etiladigan hunarmand ustalarni Aholi Bandligiga koʻmaklashish jamgʻarmasidan moddiy ragʻbatlantirish tizimi joriy etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarma boshligʻi Abat Daniyorov tashrifi davomida Amudaryo tumanida yangidan “Yoshlar markazi” binosi barpo etiladigan yer maydonini koʻzdan kechirdi. Tuman arxitektura va qurilish boʻlimi boshligʻi Botir Atabullayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Amudaryo tumani boʻlim boshligʻi Jasur Davletovlar mehmonga bu yerda amalga oshiriladigan qurilish ishlari haqida maʼlumotlar berdi.
Yoshlar – yurtimiz kelajagi. Ularning munosib sharoitlarda oʻqishi, ishlashi doimo davlatimizning eʼtiborida. Oʻz navbatida yoshlarimiz ham bunday yuksak eʼtibordan toʻgʻri foydalanib, yurtimiz kelajagiga munosib hissa qoʻshishlari lozim.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶