DEPUTAT SOVRINI UChUN KOʻRIK-TANLOV OʻTKAZILDI
Oʻlkamizga fasllar kelinchagi bahor tashrif buyurdi. Qalblarga oʻzgacha joʻshqinlik, bahoriy koʻtarinkilik kirib keldi. Bahorni sogʻingan dillar ona zaminimiz uzra yuz berayotgan yangilanishlardan quvonib, yangiliklar sari intilmoqda.
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tuman Madaniyat boʻlimida ham qator bayram tadbirlari oʻtkazishga hozirlik koʻrilayotir.
Shu yilning 1-marti – koʻklamning ilk kunida boʻlimda tashkil etilgan deputat sovrini uchun ayol-qiz ijrochilarning tuman koʻrik-tanlovi ham shularning biridir.
Tanlov “Boyovul” saylov okrugidan tuman Kengashiga deputat Oybek Begimov homiyligida tuman Madaniyat boʻlimi tasarrufidagi hududiy madaniyat markazlari bilan hamkorlikda oʻtkazildi.
Tadbir maqsadi mukarrama va ulugʻ zot – ayolni qadrlashdek azaliy qadriyatlarimizni targʻib etish, tumanimiz ayol-qizlarining boʻsh vaqtlarini mazmunli va maqsadli oʻtkazishlariga hissa qoʻshish, tumanimiz ajodkor ayol-qizlarining oʻz qobiliyatlarini namoyon etishlariga sharoit yaratish va ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ushbu tanlovda tuman Madaniyat boʻlimiga qarashli madaniyat markazlari tavsiyasiga koʻra 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan ayol-qizlar xalq qoʻshiqlari, lapar, yalla, alla, estrada yoʻnalishidagi hamda milliy zamonaviy yoʻnalishdagi qoʻshiqlar hamda raqslar ijro etish boʻyicha oʻzaro bellashdilar. Avvalo koʻrik-tanlov shartiga koʻra ishtirokchilar hakamlar hayʼatiga oʻzlari tanlovga tayyorlab kelgan dasturi haqida yozma maʼlumot berdilar.
“Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi” salomatligini mustahkamlash yili davlat dasturida belgilab berilgan ulugʻvor vazifalarning ijrosini taʼminlashga qaratilgan tanlovda tumanimizda istiqomat qilayotgan sanʼatga qiziquvchi 70 nafar havaskor ashulachi va raqqosa qizlar ishtirok etib, oʻz iqtidorlarini namoyish etdilar.
9-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabi tomoshalar zalida deputat sovrini uchun boʻlib oʻtgan tanlovda tumanimizning eng chekka hududlarida ham isteʼdodli va mahoratli, oʻzbek milliy sanʼatining eng qadim turlari – lapar, yalla, alla, xalq qoʻshiqlarini ardoqlab, avaylab kelayotgan, oʻziga xos jozibali talqinda ijro eta oladigan ashulachilar va mahoratli raqqosa ayol qizlar borligini koʻrsatdi.
Qoʻshiq, raqslar yakka yoki guruh boʻlib ijro etildi.
Ishtirokchilarning ijrolarini hakamlar hayʼati aʼzolari ijro qilingan asarning gʻoyasi, badiiy saviyasi, kuy va ovozning uygʻunligi, liboslari, sahnada oʻzini tutish madaniyati va ijro mahoratiga qarab, odilona baholab bordilar.
Deputat sovrini uchun oʻtkazilgan koʻrik-tanlov gʻoliblari deputat Oybek Begimovning sovgʻalari, tuman Madaniyat boʻlimi maʼmuriyatining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, munosib deb topilgan ijrochilar tumanimizda oʻtkaziladigan Navroʻz umumxalq bayram saylida oʻz qoʻshiq, raqslari bilan ishtirok etishga tavsiya etildi.
Koʻrik-tanlov 8-mart – Xalqaro xotin qizlar kuni oldidan ijodkor ayol-qizlarga yuksak mativatsiyalar berdi, oʻz ustlarida qunt bilan ishlab, mahoratini yana ham oshirishga ragʻbatlantirdi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶