DAʼVO IShLARINI YuRITISh VA IShLARNI SUDDA KOʻRISh BELGILANGAN MUDDATLARDA AMALGA OShIRILADI
Umumiy yurisdiktsiya sudidagi fuqarolik ishlarining asosiy qismi daʼvo ishlarini yuritish tartibida koʻriladi. Sudda daʼvo ishlarini yuritish tartibida koʻriladigan ishlarga fuqarolik, mehnatga doir, oilaga doir, uy-joyga doir, agar qonun hujjatlarida koʻrishning oʻzga tartibi belgilangan boʻlmasa, boshqa huqukiy munosabatlardan kelib chiqadigan daʼvolar boʻyicha ishlar kiradi.
Daʼvo tartibidagi ishlarni yuritish sud ishlarini yuritishning boshqa turlariga qaraganda oʻziga xos protsessual xususiyatlari bilan ajralib turadi. Daʼvo tartibidagi ishlarda sudga daʼvo taqdim etish, sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilish shaxslarning sud ximoyasiga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqining tarkibiy elementi hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga koʻra, har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Har qanday manfaatdor shaxs buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqi yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatini ximoya qilish uchun qonunda belgilangan tartibda sudga murojaat qilishga hakli ekanligi hamda sudga murojaat qilish huquqidan voz kechish haqiqiy emasligi oʻz ifodasini topgan. Daʼvo muayyan ish boʻyicha fuqarolik protsessini qoʻzgʻatishning asosiy vositalaridan biridir. Shuning uchun daʼvo tartibidagi ishlarni oʻrganish bir paytning oʻzida umumiy yurisdiktsiya sudlariga tegishli boʻlgan deyarli barcha ishlarning asosiy qoidalarini tushuntirish va bir paytda axborot olish imkoniyatini beradi.
Sudlarda fuqarolik ishlarini yuritishda protsessual muddatlarga rioya etish sud xokimiyatini amalga oshiruvchi barcha bosqichdagi sudlar uchun ham, ishda ishtirok etuvchi shaxslar uchun ham muhim ahamiyatga ega. Protsessual muddatlarning asosiy oʻziga xos jihati shundan iboratki, mazkur muddatlar aynan protsessual harakatlarni amalga oshirish vaqtini belgilaydi. Daʼvo mudatining oʻtishi moddiy huquqning tugatilishiga olib kelmaydi va shaxsning sud orqali himoyalanish huquqidan mahrum etmaydi.
Protsessual muddatlar qonun bilan belgilanadi yoki sud tomonidan tayinlanadi, ishda ishtirok etuvchi shaxslar ham, shuningdek, odil sudlovni amlga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslar ham oʻz kelishuvlari orqali protsessual muddatlarni oʻzgartirish huquqiga ega boʻlmaydilar. Protsessual harakat fuqarolik protsessual qonunchiligi bilan belgilab qoʻyilgan, ishda ishtirok etuvchi taraflar, fuqarolik ishlarini koʻruvchi sudlar, ayrim hollarda ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan xatti-harakatlardir.
Protsessual muddatlar yillar, oylar va kunlar bilan hisoblanadi, protsessual muddatlar protsessual harakatlar bajarilishi mumkin boʻlgan davr eʼtiborga olinib, aniq kalendar kuni bilan belgilanadi. Muddatning oʻtishi kalendar sananing yoki muddatning boshlanishi deb belgilangan voqea yuz bergan kunning ertasidan boshlanadi. Yillar bilan hisoblanadigan muddat uning oxirgi yilining tegishli oy va kunida tamom boʻladi. Oylar bilan hisoblanadigan muddat tegishli oyda va muddat oxirgi oyining tegishli kunida tamom boʻladi.
Barcha boʻgʻindagi sudlar va ish boʻyicha ishda ishtirok etuvchi shaxslar protsessual harakatlarni bajarish borasida oʻrnatilgan protsessual muddatlarga qatʼiy rioya qilishlari lozim.
Q.Atamuradov, Fuqarolik ishlari boʻyicha Amudaryo tumani sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶