Oʻzbekiston NNTMA Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlinmasining xisobot-saylov konferentsiyasi oʻtkazildi
Joriy yilning 6 aprel kuni Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi majlislar zalida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlinmasining xisobot-saylov konferentsiyasi oʻtkazildi.
Konferentsiyada Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi rahbariyati, Assotsiatsiya aʼzolari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Konfrentsiyada Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy Assotsiatsiyasi hududiy boʻlinmasining 2019-2021 yillar davomida amalga oshirgan ishlari atroflicha muhokama etildi. Shuningdek, Ustavga muvofiq, navbatdagi respublika hisobot-saylov konferentsiyasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasidan delegatlar saylash masalasi koʻrib chiqildi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarining milliy Assotsiatsiyasi 2005 yilning may oyida taʼsis etilgan boʻlib, faoliyatining asosiy maqsadi davlat va jamiyat qurilishining ustuvor vazifalarini amalga oshirish, erkin, ochiq va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda jamoat tashkilotlarining tashkiliy va intellektual resurslari hamda saʼy-xarakatlarini birlashtirish va muvofiqlashtirish ishlariga qaratilgan.
Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 martda “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5012-son Qarori hamda 2021 yil 4 martda “2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Kontseptsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-6181-son Farmoni qabul qilinganligi Assotsiatsiya va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishda muhim omil boʻldi.
Assotsiatsiya oʻz faoliyatini asosan xotin-qizlar va yoshlar, huquqiy, ekologiya, iqtisodiyot va taʼlim, sport-sogʻlomlashtirish kabi yoʻnalishlarda amalga oshirib kelmoqda.
Bugungi kunda respublikaning barcha hududlarida Assotsiatsiyaning hududiy boʻlinmalari faoliyat yuritmoqda. Hududiy boʻlinmalar, eng avvalo, mamlakatni ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalarini hal etishda NNTlar saloxiyatini mustahkamlash, davlat organlari bilan samarali ijtimoiy sheriklik munosabatlarni rivojlantirish ishlariga munosib xissa qoʻshib kelmoqdalar.
Konfrentsiyada hududiy boʻlinma bosh koordinatori G.Jollibekovaning Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy Assotsiatsiyasi hududiy boʻlinmasining 2019-2021 yillar davomida amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisidagi maʼruzasi tinglandi.
Maʼruzada taʼkidlanganidek, bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasida adliya vazirligidan roʻyxatdan oʻtgan 618 ta nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyat yuritmoqda. Ularning 400 tasi davlat roʻyxatidan, 218 tasi xisob roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi NNTlarning faoliyat sohalari boʻyicha tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, eng koʻp siyosiy partiya sohasida 90 ta, sport sohasida 71 ta, yoshlar sohasida 73 ta va nogironlar sohasida 36 ta NNT faoliyat yuritmoqda. Eng kam yoʻnalishlar, bu jurnalistika va OAV (1 ta), taʼlim, texnika, van va ilmiy – tadkikot (6 ta) va milliy madaniy markazlar (6 ta) hisoblanadi.
Shuningdek, NNTlarning tashkiliy-huquqiy shakliga koʻra tahlili Qoraqalpogʻiston Respublikasida 459 ta jamoat birlashmasi, 44 ta jamoat fondi, 64 ta muassasa, 57 ta uyushma va 52 ta boshqa NNTlar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Oʻtgan yillar davomida hududiy boʻlinma tomonidan 15 dan ortiq tadbirlar, shu jumladan “davra suxbatlari”, seminarlar, seminar-treninglar, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari vakillari bilan uchrashuvlar, monitoring tadqiqotlari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilgan.
Shuningdek, viloyatda qabul qilinayotgan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda NNTlar ishtirokini kengaytirishga, NNTlarning murojaatlari bilan ishlashga alohida eʼtibor berib kelinmoqda.
Xususan, fuqarolarga NNTlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va Nizomlarini ishlab chiqish tartib-taomillari xususida, NNTlar vakillariga oʻtkaziladigan tadbirlarni adliya organlari bilan kelishish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat Fondi tomonidan eʼlon kilingan davlat granti tanlovlarida ishtirok etish, amalga oshirilgan loyihalar yakunlari boʻyicha xisobotlarni tayyorlash va taqdim etish masalalari boʻyicha amaliy tavsiya va tushunchalar berib kelinmoqda.
Soʻnggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash, davlat organlari va ular oʻrtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borildi.
Xususan, oxirgi 4 yilda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 1 270 dan ortiq loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjetidan 117 milliard soʻm miqdordagi mablagʻlar ajratildi.
Xususan, 2018-2020 yillar davomida Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining jami 46 ta loyihasi 1 mlrd. 411 mln. soʻmga moliyalashtirilgan.
Mazkur 46 ta ijtimoiy ahamiyatli davlat granti loyihalarining 31 tasi NNTlar, 11 tasi OAV hamda 4 tasi MFYlar tomonidan amalga oshirilgan.
Konferentsiya ishida NNTlar talablari va extiyojlari xisobga olingan holda Assotsiatsiyaning yangi tahrirdagi Ustavi va tuzilmasi hamda 2021 yildagi faoliyatining Dasturi (yoʻl xaritasi) loyihalariga qoʻshimchalar kiritish yuzasidan NNTlar vakillari tomonidan bir qator konstruktiv takliflar bildirildi.
Konferentsiya muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Konferentsiyaning yakuniy qismida tashkiliy masala koʻrildi. Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy Assotsiatsiyasining respublika xisobot-saylov konferentsiyasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 2 nafar delegat bir ovozdan saylandi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶